Buxoroda kartoshka importi hajmi oʻtgan yilga nisbatan 31 foizga kamaydi
2026-08-28 13:45:00 / Yangiliklar

Jumladan, 2026-yil hosili uchun fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarining 10 753 gektar asosiy maydonlariga kartoshka ekildi.
Buxoro viloyati statistika boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida viloyatda 243,6 ming tonna kartoshka yetishtirilib, har gektaridan oʻrtacha 226,5 sentnerdan hosil olindi. Bu viloyat ichki bozorini kartoshka mahsulotlari bilan taʼminlashda mahalliy ishlab chiqarishning asosiy manba ekanligini koʻrsatadi.
Yetishtirish hajmining yuqoriligi natijasida kartoshkaga boʻlgan ehtiyojni import hisobiga qoplash zarurati ham kamaymoqda. Xususan, 2025-yilning yanvar–iyun oylarida Buxoro viloyatiga 424 tonna, qiymati 52 ming AQSH dollari boʻlgan kartoshka import qilingan boʻlsa, 2026-yilning birinchi yarim yilligida Eron va Pokiston davlatlaridan jami 293 tonna, qiymati 32,5 ming AQSH dollari boʻlgan kartoshka import qilindi.
Shunday qilib, joriy yilning yanvar–iyun oylarida kartoshka importi hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 131 tonnaga yoki 31 foizga kamaydi. Bu, oʻz navbatida, viloyatda kartoshka yetishtirish hajmining ichki bozor talabini taʼminlashdagi ahamiyati ortib borayotganini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, mavsumiy talabni barqaror taʼminlash va kuz-qish oylarida narxlarning keskin oʻzgarishining oldini olish maqsadida yetishtirilgan mahsulotlarning bir qismi zaxiraga jamgʻarilmoqda. Xususan, viloyatda yetishtirilgan kartoshka hosilidan 24,0 ming tonnasi 45 ta sovutkichli omborxonaga joylashtirilib, zaxiraga jamgʻarildi.
Mazkur zaxira 2026-yil kuz-qish mavsumida markaziy dehqon bozorlarini kartoshka mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, aholi ehtiyojini barqaror qondirish va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Umuman, viloyatda kartoshka yetishtirish hajmining yuqoriligi, import hajmining qisqarishi hamda mavsumiy zaxiralarning shakllantirilishi aholini kartoshka mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash uchun yetarli shart-sharoit yaratilganidan dalolat beradi.



