Olot: “Xalifa”da zamonaviy koʻngilochar va hordiq maskani tashkil etilmoqda
2026-08-25 13:25:00 / Yangiliklar

Jumladan, “Xalifa” mahallasida koʻp qavatli uylar atrofidagi hududni zamonaviy, koʻrkam va aholi uchun qulay maskanga aylantirishga qaratilgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida koʻp qavatli uylar oldida zamonaviy savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, koʻngilochar obyektlar barpo etish, mavjud hududni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish koʻzda tutilgan. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun “PERFECT ARX PROJEKT” MCHJ tomonidan 2 milliard 300 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.
Ushbu mablagʻlar hisobidan hududning mavjud infratuzilmasi yaxshilanib, zamonaviy arxitektura talablari asosida yangi obyektlar barpo etiladi. Shuningdek, yashil maydonlar kengaytirilib, manzarali daraxtlar va gulzorlar barpo etiladi, piyodalar uchun qulay yoʻlaklar tashkil qilinib, hudud yanada obod va fayzli koʻrinishga keltiriladi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri — koʻp qavatli uylar va ularga tutash hududlarda sugʻorish tizimini takomillashtirishdir. Xususan, zamonaviy yomgʻirlatib sugʻorish tizimini joriy etish orqali yashil maydonlarni muntazam va samarali sugʻorish, daraxt va oʻsimliklarning yaxshi rivojlanishi uchun zarur sharoit yaratish rejalashtirilgan.
Bu, oʻz navbatida, hududning yanada yashil va koʻrkam boʻlishi, ekologik muhitning yaxshilanishi hamda aholi uchun sogʻlom va musaffo muhit yaratilishiga xizmat qiladi.
Yangi majmuada aholining kundalik ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladigan savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari bilan bir qatorda, favvoralar, sayr yoʻlaklari va hordiq chiqarish uchun qulay maskanlar ham tashkil etiladi.
Natijada koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun oilaviy sayr qilish, farzandlar bilan mazmunli vaqt oʻtkazish va boʻsh vaqtni samarali tashkil etish imkoniyatlari yanada kengayadi.
Eng muhimi, mazkur loyiha hududning tashqi qiyofasini yangilash bilan birga, mahalla aholisi uchun qulay yashash muhiti, zamonaviy infratuzilma va obod, fayzli hordiq maskani yaratishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









