Kogon tumani: 10-maktabning 240 o‘rinli binosi ta’mirlanib, 330 o‘rinli qo‘shimcha yangi bino barpo etilmoqda
2026-08-22 11:00:00 / Yangiliklar

Jumladan, davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-sentabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Kogon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 10-sonli umumta’lim maktabida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida maktabning 240 o‘rinli mavjud binosi kapital ta’mirlanishi bilan bir qatorda, o‘quvchilar qamrovi va ta’lim muassasasining ehtiyojlaridan kelib chiqib, 330 o‘rinli yangi o‘quv binosi barpo etilmoqda.
Shuningdek, o‘quvchilarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 12x24 metr o‘lchamdagi zamonaviy sport zali hamda 12x12 metr hajmdagi faollar zali bunyod etilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 10 milliard so‘mni tashkil etadi. Qurilish ishlarini “Ziyo Shahriyor qurilish” MChJ amalga oshirmoqda. Jarayon davomida qurilish ishlarining sifatli bajarilishi, belgilangan muddatlarga rioya etilishi hamda zamonaviy qurilish me’yorlari va talablariga amal qilinishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunyodkorlik ishlari yakunlangach, maktabning moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada yaxshilanib, o‘quvchilar uchun zamonaviy ta’lim olish, sport bilan shug‘ullanish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish imkoniyatlari kengayadi.
Eng muhimi, bunday loyihalar yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning intellektual hamda jismoniy salohiyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida amalga oshirilayotgan ushbu bunyodkorlik ishlari “Kogon” mahallasi aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun munosib tuhfa bo‘lmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









