Yagona Vatan, yagona xalq — ezgu tashabbus: Gʻijduvonlik nuroniylar va yoshlar Olot zaminida
2026-08-20 21:10:00 / Yangiliklar

Ana shunday tadbirlar doirasida Gʻijduvon tumanidan 100 nafar nuroniy va yoshlar Olot tumanida boʻlib, hududda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdi.
Mehmonlarning Olot zaminidagi safari oddiy tashrif emas, balki ikki hudud aholisini yaqinlashtiruvchi, tajriba va qadriyatlar almashinuviga xizmat qiluvchi mazmunli muloqotlarga boy boʻldi.
Mehmonlar katta tantana, samimiy ehtirom va oʻzbekona mehmondoʻstlik bilan kutib olindi. Gʻijduvonlik mehmonlarning dastlabki manzili “Nuroniylar maskani” boʻldi.
Bu yerda keksa avlod vakillari uchun yaratilgan shart-sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ular kutubxona, sogʻlomlashtirish xonalari, sartaroshxona, shaxmat-shashka zali, faollar xonasi, dam olish va ovqatlanish joylari bilan yaqindan tanishdilar. Maskanning soʻlim goʻshasida mehmonlar uchun dasturxon yozilib, osh tortildi. Dasturxon atrofida tinchlik-osoyishtalik, toʻkinlik, mustaqillik va xalqimiz oʻrtasidagi ahillik haqida samimiy fikrlar bildirildi. Yurt tinchligi, xalq farovonligi va osoyishta hayotimiz bardavom boʻlishi uchun duolar qilindi. Zero, nuroniylarga boʻlgan ehtirom — xalqimizning asriy qadriyatlaridan biri. Katta avlodning hayotiy tajribasi esa yoshlar uchun doimo muhim maktab vazifasini oʻtaydi.
Safar davomida mehmonlar Olot tumanida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari bilan ham tanishdilar. Jumladan, “Amudaryo-Buxoro” irrigatsiya tizimlarini qayta tiklash ishlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar eʼtibor markazida boʻldi. Xususan, “Amudaryo-Buxoro–1” nasos stansiyasidagi qurilish ishlari bilan tanishish chogʻida bu yerda amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar haqida maʼlumot berildi. Qiymati 82 million 960 ming AQSH dollariga teng boʻlgan mazkur loyiha toʻliq yakunlangan. Mutaxassislar maʼlumotiga koʻra, inshoot sinov tariqasida ishlagan davrda 75 million kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod qilinib, qariyb 80 milliard soʻm mablagʻ tejalgan. Mazkur inshootning ahamiyati yana shundaki, u Buxoro va Navoiy viloyatlarini suv bilan taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Shu jihatdan, amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat irrigatsiya tizimining samaradorligini oshirish, balki qishloq xoʻjaligi barqarorligi va hududlar taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Safarning eng mazmunli jihatlaridan biri nuroniylar va yoshlar oʻrtasidagi muloqotlar boʻldi. “Bir nuroniy — oʻn yoshga masʼul” loyihasi doirasida “Keksalarning hayoti — biz uchun ibrat” mavzusida uchrashuv va tajriba almashinuvi tashkil etildi.
Unda nuroniylar oʻzlarining hayotiy tajribalari, mehnat faoliyati davomida orttirgan saboqlari va yosh avlodga berishi mumkin boʻlgan tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdilar. Shuningdek, “Milliy qadriyatlar va urf-odatlar buvijonlar talqinida” mavzusida samimiy muloqotlar oʻtkazildi. Unda milliy anʼanalarni asrab-avaylash, ularni yosh avlod ongiga singdirish va oilada maʼnaviy tarbiyani kuchaytirish masalalari haqida fikr almashildi. Bunday uchrashuvlar, avvalo, avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy koʻprikni mustahkamlashi bilan ahamiyatli. Loyiha dasturidan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ham munosib oʻrin oldi. Maʼnaviyat va maʼrifat maskanida “Kitobxonlik oiladan boshlanadi” mavzusida ijodiy uchrashuv va sheʼrxonlik tadbiri oʻtkazildi. Axborot-resurs markazidagi muloqotlarda esa kitob mutolaasining inson maʼnaviy dunyosidagi oʻrni, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish hamda oilada kitobxonlik muhitini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Kitobxonlikni oiladan boshlash gʻoyasi bejizga ilgari surilmayotir. Zero, farzandning kitobga mehri, avvalo, uning oilasida shakllanadi. Oilada kitob qadrlangan muhitda ulgʻaygan yoshning dunyoqarashi ham keng boʻladi.
Tadbir doirasida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida faol nuroniylar ishtirokida tajriba almashinuvi ham tashkil etildi. Unda aholi farovonligini oshirish, oilalar daromadini koʻpaytirish, bandlikni taʼminlash va mahallalarda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashildi. Shuningdek, “Nuroniylar maskani” majmuasida nuroniylar va uyushmagan yoshlar oʻrtasida shaxmat-shashka musobaqalari oʻtkazildi. Sport va intellektual bellashuvlar nafaqat ishtirokchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, balki avlodlar oʻrtasida samimiy muloqot va doʻstlik muhitini shakllantirishga ham xizmat qildi.
Gʻijduvonlik mehmonlarning muhim tashrif manzillaridan yana biri “Ikki daha” suv tozalash inshooti boʻldi. Bu yerda tumanda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar, soʻnggi yillarda barpo etilgan yirik infratuzilma loyihalari haqida maʼlumot berildi. Ayni paytda mazkur suv tozalash inshootidan diametri 700 millimetr, uzunligi 22 kilometr boʻlgan magistral quvurlar orqali Olot va Qorakoʻl tumanlariga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Yirik loyihaning samarasi ham salmoqli. Uning natijasida Olot tumani aholisining 99,6 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Gʻijduvonlik mehmonlar zamonaviy inshoot faoliyati bilan tanishar ekan, aholi turmush farovonligini oshirish, inson uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan bunday amaliy ishlarga yuqori baho berdilar.
Safar yakunida mehmonlar uchun yana bir bor dasturxon yozilib, bir piyola choy ustida samimiy suhbatlar davom etdi. Kuy-qoʻshiqlar, folklor chiqishlari va dil soʻzlariga boy davra oʻzbekona mehmondoʻstlik, mehr-oqibat va oʻzaro hurmatning yorqin ifodasiga aylandi.
Bu uchrashuvlarda bir haqiqat yana bir bor namoyon boʻldi: turli hududlarda yashasak-da, bizni birlashtirib turadigan qadriyatlar, maqsad va orzularimiz mushtarak. Gʻijduvonlik nuroniylar va yoshlarning Olot zaminiga tashrifi — yagona Vatan, yagona xalq va mushtarak kelajak yoʻlidagi hamjihatlikning yorqin namunasi boʻldi.
Bunday uchrashuvlar hududlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlash, ilgʻor tajribalarni oʻrganish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va avlodlar vorisiyligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, bu kabi ezgu tashabbuslar insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, yoshlarni katta avlod hayotiy tajribasidan bahramand etadi va yurtimizda tinchlik, totuvlik hamda farovonlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









