Gʻijduvonda yana bir zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi
2026-08-19 11:40:00 / Yangiliklar

Xususan, tumandagi “Oqgul” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 18-son davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining mukammal taʼmirlangan binosi hamda yangi qoʻshimcha binosi foydalanishga topshirildi.
Mazkur taʼlim tashkiloti Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida 4,2 milliard soʻm mablagʻ hisobidan mukammal taʼmirlandi. Shuningdek, 90 oʻringa moʻljallangan yangi qoʻshimcha bino barpo etilib, tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratildi.
Yangi majmuaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda tuman hokimligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mutasaddilari, taʼlim tashkiloti xodimlari, ota-onalar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, bolalarning sifatli taʼlim va tarbiya olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”.
Yangi va zamonaviy taʼlim maskanining foydalanishga topshirilishi hududdagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning har tomonlama intellektual, jismoniy va maʼnaviy rivojlanishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida nuroniylar ham soʻzga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi hamda mamlakatimiz taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga oʻzlarining samimiy tilak va duolarini izhor etdilar.
Tadbir ishtirokchilari muassasada yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









