Buxoroda murakkab qiziloʻngach axalaziyasi boʻyicha endoskopik operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi
2026-08-17 15:25:00 / Yangiliklar

Respublikada birinchilardan boʻlib murakkab qiziloʻngach axalaziyasi bilan murojaat qilgan bemorda kam invaziv usul — “POEM endoskopik miotomiya” jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Mazkur murakkab amaliyot filial bosh endoskopisti, tibbiyot fanlari nomzodi A.Haydarov rahbarligidagi jamoa tomonidan ryespublika jarrohlik markazi va boshqa mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Qiziloʻngach axalaziyasi — qiziloʻngachning pastki qismidagi mushak halqasi, yaʼni sfinkterning meʼyorda boʻshashmasligi natijasida ovqat va suyuqlikning oshqozonga oʻtishi qiyinlashishi bilan kechadigan kasallikdir. Bunday holat bemorda ovqat yutishda qiyinchilik, suv ichganda noqulaylik, koʻngil aynishi, qusish, vazn yoʻqotish kabi belgilarni keltirib chiqarishi mumkin.
Kuni kecha 1987-yilda tugʻilgan bemor ham bir necha yil davomida ovqatning oʻtmasligi, suv isteʼmol qilishda qiynalish, koʻngil aynishi, qusish va ozib ketish kabi shikoyatlar bilan turli tibbiyot muassasalarida davolanib kelgan. Biroq koʻrilgan davolash choralari kutilgan samarani bermagan.
RSHTYOIM Buxoro filiali mutaxassislari tomonidan bemor zarur klinik va instrumental tekshiruvlardan oʻtkazilib, unga “Qaytalanuvchi kardial axalaziyasi III darajasi, GERB” tashxisi qoʻyildi. Bemor holatining murakkabligi inobatga olinib, zamonaviy kam invaziv endoskopik davolash usulini qoʻllashga qaror qilindi.
Ushbu usulning muhim jihati shundaki, operatsiya endoskopik yoʻl bilan, yaʼni katta kesmalarsiz amalga oshiriladi. Bu bemor uchun jarrohlik jarohatini kamaytirish, tiklanish jarayonini yengillashtirish va davolash samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Amaliyot jarayoni xalqaro hamkorlik doirasida telemeditsina aloqasi orqali xorijiy yetuk mutaxassislar tomonidan ham kuzatib borildi. Xususan, Yaponiyaning Tokio shahri bosh endoskopisti professor Ken Oxata, Janubiy Koreyaning “Song Shim” klinikasi endoskopiya markazi professori Kim Yong, Sharqiy va Markaziy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi “Elsa” endoskopiya markazi professori Filip Cho hamda Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi Pavlov nomidagi tibbiyot instituti professori A.Smirnovlar telemeditsina orqali operatsiya jarayonini kuzatib, mutaxassislar bilan tajriba almashdilar.
Amaliyot jarayoniga Romitan, Qorakoʻl, Gʻijduvon va Vobkent tumanlaridan endoskopist mutaxassislar ham jalb qilinib, ular uchun murakkab endoskopik jarrohlik amaliyotini amalda kuzatish va tajriba almashish imkoniyati yaratildi.
Bugungi kunda operatsiya oʻtkazilgan bemorning ahvoli ijobiy tomonga oʻzgargan. Unda ovqatlanish jarayoni yaxshilanib, meʼda-ichak tizimi faoliyati tiklanish jarayonida.
RSHTYOIM Buxoro filialida amalga oshirilgan ushbu murakkab endoskopik amaliyot nafaqat bemor salomatligini tiklash, balki zamonaviy tibbiy texnologiyalarni hududlarda keng joriy etish, mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish va aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
RSHTYOIM Buxoro filiali Axborot xizmati





