Shoʻr tuproqdan shirin meva: 60 sotixdan 20 tonnadan ortiq uzum
2026-08-15 14:15:00 / Yangiliklar

Dastlab 20 sotix maydonga tok ekildi. Keyinchalik uzumzor maydoni 60 sotixga yetkazildi. Bugun esa kecha hech narsa unmaydigandek tuyulgan bu zaminda ming tupga yaqin tok yashnab turibdi.
“Toyipi”, “Husayni”, “Behishti”, “Qora kishmish”, “Ketmosopi”, “Avatar” va boshqa navlar moʻl hosil bermoqda.
Uzumzor shpaler usulida tashkil etilgan. Ilk hosilning oʻzidayoq 20 tonnadan ortiq uzum yetishtirishga erishildi. Bir kilogramm uzum oʻrtacha 5 ming soʻmdan sotilganda, 60 sotix maydondan qariyb 100 million soʻmlik daromad olish imkoniyati yuzaga keladi.
Eng muhimi, bu natija katta sarmoyadan koʻra, avvalo, mehnat, sabr-toqat va yerga boʻlgan mehr samarasidir.
— Bagʻrim-dilim yayraydi. Mahallamizda “Uzumchi bobo”, “Bogʻbon” deb atashlarining oʻzi meni ruhlantiradi, — deydi Yaxshimurod Choriyev.
Uning uzumzori nafaqat xonadon rizq-roʻziga xizmat qilmoqda. Mahalla ahli ham bu bogʻdan bahramand. Kimga qancha kerak boʻlsa, kelib, uzumdan uzib isteʼmol qilishi mumkin. Ayniqsa, kuz faslida daladan hosil yigʻish bilan band boʻlgan paxtakorlar 100–200 kilogrammdan uzum olib ketishadi.
Zotan, uzumning haqiqiy taʼmini uni tokdan uzib, dalaning oʻzida tatib koʻrgan odam biladi. Quyoshda pishgan, shirinligi tilingizda qoladigan, oʻziga xos betakror taʼmga ega bu uzumlarni tatib koʻrgan kishi uning nega qadrlanishini anglaydi.
Joriy yilda Yaxshimurod Choriyev 20 tonnadan ortiq hosil yetishtirishning uddasidan chiqdi. Biroq bu hali boshlanishi. Toklar endi voyaga yetib, hosildorlikning eng sermahsul davriga kirib bormoqda.
— Kelgusi yillarda hosilimizni yanada oshirish niyatidamiz. Endi uzumlarimiz voyaga yetdi, — deydi bogʻbon faxr bilan.
Yaxshimurod Choriyevning tajribasi boshqa yer egalarida ham qiziqish uygʻotdi. Natijada uzumchilikni yanada rivojlantirish maqsadida 10 nafar yer egasini birlashtirgan kooperatsiya tashkil etildi. Ayni paytda ular tomonidan jami 12 gektar maydonda tokzorlar barpo etilmoqda.
Demak, bir paytlar shoʻrlanishi yuqori, hosildorligi past boʻlgan yerda boshlangan kichik tashabbus bugun kengroq harakatga aylanmoqda. Bir xonadonning mehnati mahallaga, mahallaning tajribasi esa butun hududga ibrat boʻlmoqda.
Yaxshimurod Choriyevning uzumzori yana bir haqiqatni isbotlaydi: yerga mehr, mehnatga ishonch va sabr boʻlsa, eng ogʻir zamindan ham baraka undirish mumkin.
Kecha shoʻr tuproq bilan kurashilgan bu maskanda bugun uzumlar shingil-shingil boʻlib tovlanmoqda. Bu shunchaki uzumzor emas. Bu — mehnatning mevasi, sabrning hosili va tashabbusning yorqin namunasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









