Botir Zaripov akademiklar bilan uchrashdi: Fanlar akademiyasi va Buxoro viloyati hokimligi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-08-14 20:40:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida viloyat rahbari bugungi uchrashuv Buxoroning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, ilmiy salohiyatini yuksaltirish va yangi imkoniyatlarni roʻyobga chiqarishda muhim qadam boʻlishini taʼkidladi.
— Bugun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan ilm-fanni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning bosh lokomotiviga aylantirish boʻyicha qoʻyilayotgan strategik vazifalar fonida siz azizlarni Buxoroga taklif etishimizdan asosiy maqsad — samimiy muloqot qilish barobarida, viloyatimizdagi real muammo va imkoniyatlarga ilm-fanning eng ilgʻor yutuqlari asosida aniq va amaliy yechimlar taklif etishdan iborat, — dedi Botir Zaripov.
Shundan soʻng Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. Ayupov, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori S. Turobjonov, akademik Qodir Gʻulomov va boshqalar soʻzga chiqib, viloyatning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqarish bilan uygʻunlashtirish boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildirdi.
Qayd etilganidek, Buxoro viloyatida sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika, suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash kabi yoʻnalishlarda ulkan imkoniyatlar mavjud. Ushbu salohiyatni toʻliq ishga solishda olimlar va soha mutaxassislarining ilmiy yondashuvi muhim ahamiyat kasb etadi.
Muloqot davomida hududdagi mavjud muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar topish, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga keng tatbiq etish ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, yangi ish oʻrinlari yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va hudud iqtisodiyotining barqaror oʻsishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda Buxoroning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun muhim boʻlgan yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliy loyihalar bilan uygʻunlashtirish, olimlar va soha mutaxassislari hamkorligini tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida ilm-fan salohiyatini hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga keng jalb etish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Buxoro viloyati hokimligi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat Buxoro viloyatida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyatdan hudud taraqqiyoti yoʻlida samarali foydalanish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirishda muhim huquqiy va amaliy asos boʻlib xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









