Jondor tibbiyotida yuksalish: inson qadri — eng oliy maqsad
2026-08-14 14:30:00 / Yangiliklar

Osiyo taraqqiyot banki, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda “Ochiq budjet” dasturi koʻmagida shifoxona va oilaviy poliklinikalar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlandi. Jumladan, “Ochiq budjet” loyihasi doirasida 814 million soʻmlik artroskop, UTT apparatlari, biokimyoviy va immunoferment analizatorlari xarid qilindi. Mobil va raqamli rentgen, videobronxoskop hamda videokolonoskop apparatlarining ishga tushirilishi esa kasalliklarni oʻz vaqtida, eng muhimi, dastlabki bosqichida aniqlash imkonini kengaytirdi.
Xalqimizda “Kasallikni davolagandan koʻra, uning oldini olgan afzal” degan hikmat bor. Tumanda yoʻlga qoʻyilgan profilaktika va skrining tadbirlari ham ana shu tamoyilga asoslangan.
Tibbiyot xodimlarining xonadonbay yurishi va manzilli koʻriklari natijasida 19 mingdan ortiq fuqaro kardiologiya hamda qandli diabet yoʻnalishlarida skriningdan oʻtkazildi. Kasallik alomatlari aniqlangan 450 nafar bemor dispanser nazoratiga olinib, ularga tegishli sogʻlomlashtirish choralari koʻrildi.
Profilaktik koʻriklar qamrovi ham salmoqli. Tuman aholisining qariyb 96 ming nafari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ona va bola salomatligini muhofaza qilish maqsadida 12 mingga yaqin oʻsmir va bolalar tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilib, 10 ming nafar bola reja asosida emlandi. Xotin-qizlar salomatligiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, ular oʻrtasida onkologik kasalliklarning oldini olishga qaratilgan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar oʻtkazilib, zarur holatlarda bemorlar respublika darajasidagi yuqori texnologik tibbiyot markazlariga yoʻnaltirilmoqda.
Tibbiyotdagi yangilanishlar infratuzilmada ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. “Qaroli” MFYda 4 milliard soʻmlik 15-sonli oilaviy poliklinika, “Raboti” MFYda esa 2,8 milliard soʻmlik “Xoʻjalik” oilaviy shifokorlik punkti binolari barpo etilmoqda. “Xosakor” va “Burjoq” oilaviy shifokorlik punktlarida ham qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Bu kabi loyihalar aholi uchun tibbiy xizmatlarni yanada yaqin va qulay qilishga xizmat qilmoqda.
Sohada raqamlashtirish jarayonlarining jadallashtirilayotgani ham muhim ahamiyatga ega. DMED va boshqa raqamli platformalarning joriy etilishi, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarining bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishi tibbiy xizmatlarda shaffoflik va qulaylikni oshirmoqda.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim natijasi esa inson hayoti va salomatligida namoyon boʻlmoqda. Oʻtgan davr mobaynida jondorlik shifokorlar tomonidan 1 ming 94 ta muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Har bir muvaffaqiyatli operatsiya ortida bir insonning sogʻayishi, bir oilaning quvonchi va tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnati mujassam.
Oldinda esa yanada yuksak maqsadlar turibdi. Tumanning oʻzida laparoskopik va murakkab jarrohlik amaliyotlarini toʻliq yoʻlga qoʻyish, Markaziy shifoxona hududida zamonaviy Diagnostika markazini tashkil etish, 6 nafar yetakchi mutaxassisni nufuzli xorijiy klinikalarda malaka oshirishga yuborish hamda raqamlashtirish jarayonini 129 ta yangi kompyuter toʻplami bilan yanada jadallashtirish rejalashtirilgan.
Jondor tumani tibbiyotidagi bu yangilanishlar shunchaki raqamlar yoki hisobotlardagi koʻrsatkichlar emas. Bu — inson qadrini ulugʻlash, har bir fuqaroning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi va sogʻlom, uzoq umr kechirishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy ifodasidir.
Zero, tibbiyotdagi har bir yangi uskuna, har bir zamonaviy xizmat va har bir muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti zamirida bitta ezgu maqsad — inson hayotini asrash va inson qadrini yuksaltirish mujassam.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









