Bosh vazir oʻrinbosari Qorovulbozor tumanida: xotin-qizlar bilan ishlashda yangi namuna va tajriba yaratilmoqda
2026-08-13 15:40:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilnoza Kattaxonova navbatdagi amaliy tashrifi doirasida Qorovulbozor tumanida boʻlib, hududda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda oilalar farovonligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrifning dastlabki manzili “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻini boʻldi. Bu yerda “Besh tashabbus markazi” tarkibida tashkil etilgan “Oila va xotin-qizlar maskani” faoliyati atroflicha koʻzdan kechirildi. Maskanda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordamlar, ularni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash hamda turli tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Qayd etilganidek, bunday maskanlar xotin-qizlarning muammolarini erta aniqlash, ularga zarur koʻmakni manzilli tashkil etish, kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, markazda hamkor tashkilotlar vakillari, “Oqila ayollar” harakati aʼzolari, mahallalardagi xotin-qizlar faollari hamda keng jamoatchilik ishtirokida ochiq va samimiy muloqot oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida tuman boʻyicha shakllantirilgan xotin-qizlar balansi tahlil qilinib, hududdagi xotin-qizlarning ijtimoiy holati, bandligi, mavjud imkoniyatlari va ular bilan ishlashdagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Joylarda duch kelinayotgan amaliy muammolar tinglanib, ularni bartaraf etish, xotin-qizlarning daromadli mehnat bilan shugʻullanishiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Tashrif doirasida Bosh vazir oʻrinbosari “Navbahor” mahallasida istiqomat qiluvchi Rahima Avezova xonadonida ham boʻldi.
Rahima Avezova oʻz istagiga koʻra kasb-hunarga oʻqitilib, oʻz mehnati va intilishi natijasida “qizil” toifadan “sariq” toifaga chiqishga erishgan xotin-qizlardan biri hisoblanadi. Xonadondagi suhbat davomida oilaning turmush sharoiti, daromad manbalari, mavjud ehtiyojlari va kelgusidagi rejalari bilan qiziqildi.
Rahima Avezovaning erishgan natijasi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashda manzilli yondashuv, kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlash qanchalik muhim ekanini yana bir bor koʻrsatdi. Suhbat yakunida xonadon egasining keyingi bosqich — “yashil” toifaga oʻtishi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha koʻmak choralari belgilab olindi.
Qorovulbozor tumanida yoʻlga qoʻyilayotgan xotin-qizlar bilan ishlashning mazkur yangi yondashuvi — har bir ayolning holatini alohida oʻrganish, uning ehtiyoj va imkoniyatlaridan kelib chiqib aniq choralarni belgilash hamda natijadorlikni bosqichma-bosqich taʼminlashga qaratilgan.
Mazkur tajribani takomillashtirish va kelgusida viloyatning boshqa hududlarida ham keng joriy etish, shu orqali xotin-qizlarning bandligi va farovonligini taʼminlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda oilalar barqarorligini mustahkamlash koʻzda tutilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









