Buxoro viloyati va Turkiya hududlari oʻrtasida sanoat-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2026-08-12 19:50:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida Buxoro viloyatining investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyati, sanoat zonalari imkoniyatlari, investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda viloyatning mintaqaviy va xalqaro logistika imkoniyatlari Turkiya ishbilarmon doiralari vakillariga taqdim etildi.
Uchrashuvning asosiy masalalaridan biri Buxoro viloyatida “Oʻzbek–Turk” sanoat zonasini tashkil etish tashabbusi boʻldi. Uning doirasida sanoat zonasining tashkiliy-huquqiy va institutsional modeli, boshqaruv mexanizmlari, zarur infratuzilmani shakllantirish, Turkiya kompaniyalarining investitsiya loyihalarini joylashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, hududlar oʻrtasida “Biznesdan biznesga” (B2B) hamkorlikni kengaytirish, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarini Buxoro viloyati sanoat zonalariga jalb qilish, qoʻshma korxonalar tashkil etish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash va eksport hajmini oshirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi.
Muloqot yakunida Bursa, Malatiya va Denizli viloyatlari ishbilarmon doiralari vakillari Buxoro viloyatida “Oʻzbek–Turk” sanoat zonasini tashkil etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlash va amaliy hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, investitsiya loyihalarini shakllantirish va ularga potensial investorlarni jalb etish boʻyicha hamkorlik qilishga tayyor ekanliklari qayd etildi.
Mazkur tashabbus Buxoro viloyatining Turkiya hududlari bilan sanoat kooperatsiyasi, investitsiya, texnologiyalar transferi va eksport yoʻnalishlarida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, hududlararo iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam boʻldi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









