Qorakoʻl: Ehtiyojmand oilalar farzandlarining sunnat toʻylari oʻtkazildi
2026-08-12 10:35:00 / Yangiliklar

Mazkur tantana yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, oilalarga mehr va eʼtibor koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarining yana bir amaliy ifodasi boʻldi. Ayniqsa, bolajonlarning quvonchiga sherik boʻlish, ularga bayramona kayfiyat ulashish va ezgu niyatlar bilan duo qilish tadbirga alohida mazmun bagʻishladi.
Tantanali marosimda Qorakoʻl tumani hokimi Xurshid Toxirov ishtirok etib, toʻybolajonlar va ularning ota-onalarini ushbu qutlugʻ shodiyona bilan samimiy muborakbod etdi. Oʻz soʻzida yurtimizda oila institutini mustahkamlash, aholining munosib turmush sharoitini taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda farzandlar kamoli uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Hokim bolajonlarga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, odobu axloqli va komil inson boʻlib voyaga yetishlarini, kelgusida Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan avlod boʻlishlarini tiladi. Ota-onalarga esa farzandlarining kamolini koʻrib, ularning baxti va yutuqlaridan doimo quvonib yurishlariga tilak bildirdi.
Tadbir davomida toʻybolajonlarga velosipedlar sovgʻa qilinib, ularning quvonchiga quvonch qoʻshildi. Bolajonlar uchun tayyorlangan ushbu sovgʻalar ular tomonidan katta xursandchilik bilan qabul qilindi. Samimiy tilaklar, ezgu niyatlar va bolajonlarning begʻubor quvonchi tantanaga oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Shuningdek, tantanali marosimda Qurʼon tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi, xonadonlarimizga fayzu baraka kirishi hamda farzandlarimizning baxtli kelajagi uchun duolar qilindi. Nuroniylarning duolari, ota-onalarning shukronasi va bolajonlarning samimiy quvonchi tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar doirasida tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda Mahallalar uyushmasining tuman boʻlimi tomonidan ham amaliy koʻmaklar koʻrsatildi. Bu kabi saʼy-harakatlar oilalarning ijtimoiy holatini yaxshilash, ularni qoʻllab-quvvatlash va farzandlarining shodligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir yakunida tuman Madaniyat boʻlimi xonandalari tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qoʻshiqlar, dilbar taronalar va bayramona chiqishlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









