Qorakoʻl: “Doʻrman”da “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili samara bermoqda
2026-08-11 15:05:00 / Yangiliklar

Hududda “Yangi Oʻzbekiston” massivi zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Dastlab 12 ta koʻp qavatli uydagi 240 ta xonadon foydalanishga topshirilgan boʻlsa, bugun qurilayotgan koʻp qavatli uylar soni 70 taga, xonadonlar 1 ming 400 taga yetkazilmoqda. Aholi uchun oilaviy poliklinika, bolalar bogʻchalari ham barpo etilgan.
Suv taqchil hudud boʻlishiga qaramay, Doʻrmanlik dehqonlar yerdan samarali foydalanib, moʻl hosil yetishtirmoqda.
Tumandagi 15 ta mahallada yashovchi 50 mingga yaqin aholi dala-dehqonchiligi va tomorqachilik bilan shugʻullanadi. Ayni paytda takroriy ekin sifatida karam, bulgʻor qalampiri, baqlajon, loviya va sabzi yetishtirilmoqda.
Ayniqsa, Doʻrman mahallasida “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida sabzi yetishtirishga ixtisoslashtirilgan maydonlar tashkil etilgan. Bu yerda agrotexnik talablarga amal qilinib, ekinlar oʻz vaqtida sugʻorilmoqda va mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirilmoqda.
Natijada har gektar yerdan 30 tonnadan ortiq sabzi hosili olinmoqda. Bu esa dehqonlar daromadini oshirish, aholi dasturxonini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash hamda bozorda narxlar barqarorligini saqlashga xizmat qilmoqda.
Doʻrmanliklar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, yerga mehr, mehnat va zamonaviy agrotexnologiya uygʻunlashsa, suv taqchil hududda ham moʻl hosil yetishtirish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









