Qorakoʻl: Koʻmak imkoniyatga, imkoniyat esa daromadga aylandi
2026-08-08 17:35:00 / Yangiliklar

Qorakoʻl tumanidagi “Doʻrman” mahallasida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularning muammolarini oʻrganish va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib amaliy yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mahallada istiqomat qiluvchi Fotima Mirzaqulovaning oilasi ham ana shunday koʻmakka ehtiyojmand xonadonlardan biri edi. Ikki nafar farzandini voyaga yetkazayotgan Fotima opa oila boquvchisidan ayrilgach, roʻzgʻor tashvishlarini yengish, farzandlarining ehtiyojlarini taʼminlash uchun oʻz mehnati bilan daromad topishga intildi.
Uning bu intilishi mahalla tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Dastlab, mahalla madadi va homiylik koʻmagi asosida Fotima Mirzaqulovaga muzqaymoq tayyorlash apparati olib berildi. Bu esa oila uchun yangi daromad manbaini shakllantirishga imkon yaratdi.
Shu bilan birga, tuman hokimining mahalladagi yordamchisi tashabbusi bilan Fotima Mirzaqulovaning tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishi uchun ssuda asosida maxsus jihozlangan “Uzum Market” konteyneri ham foydalanishga berildi.
Eng muhimi, koʻrsatilayotgan yordamlar bir martalik koʻmak bilan cheklanib qolmadi. Oila aʼzolarining mehnat qilish istagi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularga qoʻshimcha daromad topish yoʻllari ham koʻrsatildi.
Ayni paytda Mirzaqulovlar oilasi aʼzolari kasanachilik asosida oʻrik danagidan shoʻrdanak tayyorlash ishini ham puxta oʻzlashtirgan. Buyurtma asosida danak chaqish va tayyor shoʻrdanak tayyorlash orqali oila aʼzolari oʻz mehnati bilan daromad topmoqda.
Tayyorlangan mahsulotning har bir kilogrammi uchun 2 ming soʻmdan haq olinadi. Bu mablagʻlar esa oilaning kundalik ehtiyojlarini qoplash, roʻzgʻor kam-koʻstini butlash va farzandlar taʼminotiga yoʻnaltirilmoqda.
Hozirda oila aʼzolari birgalikda mehnat qilib, bir kunda oʻrtacha 200–250 ming soʻm daromad topmoqda. Bir qarashda oddiy mehnatdek koʻringan bu ish Mirzaqulovlar xonadonida katta ahamiyat kasb etmoqda. Zero, bu nafaqat oila daromadining koʻpayishi, balki uning oʻz kuchiga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, farzandlarini munosib sharoitda voyaga yetkazish imkoniyatini kengaytirish demakdir.
— Bizga koʻrsatilayotgan yordamdan minnatdormiz. Eng muhimi, tayyor yordam emas, mehnat qilib, oʻzimiz daromad topishimiz uchun imkoniyat yaratib berildi, — deydi Fotima Mirzaqulova.
Mirzaqulovlar oilasi misolida bir haqiqat yana bir bor namoyon boʻlmoqda: insonga munosib sharoit va imkoniyat yaratilsa, u oʻz mehnati bilan oilasi farovonligini taʼminlashga qodir.
Qorakoʻl tumanida ham ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlashda ana shu tamoyilga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yaʼni oilalarga faqat bir martalik moddiy yordam koʻrsatish emas, balki ularning qobiliyati, qiziqishi va imkoniyatlarini inobatga olgan holda kasb-hunarga yoʻnaltirish, bandligini taʼminlash va barqaror daromad manbaini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Bunday amaliy koʻmak tufayli kechagina qiyin sharoitda yashayotgan oilalar bugun oʻz mehnati bilan daromad topib, ertangi kuniga ishonch bilan qaramoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









