Vobkentda aholi tashabbusi bilan 3,2 kilometr ichki yoʻl asfaltlanmoqda
2026-08-08 17:30:00 / Yangiliklar

Vobkent tumanining Shohnigor mahallasida ham aholi tashabbusi asosida yana bir muhim loyiha amalga oshirilmoqda. Mahallada ichki yoʻllarni taʼmirlash va zamonaviy asfalt qoplamasi yotqizish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Mazkur loyiha 3 mingdan ortiq mahalla aholisining ovozi, talab va istaklari asosida shakllangan boʻlib, “Ochiq budjet” — “Openbudget.uz” portali orqali ilgari surilgan tashabbuslar orasida qoʻllab-quvvatlangan.
Loyiha doirasida mahallaning 3,2 kilometr ichki yoʻli toʻliq taʼmirlanib, asfaltlanmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 1 milliard 650 million soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Qurilish-taʼmirlash ishlarida pudratchi tashkilot — Buxoro tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi ishchi va mutaxassislari faol ishtirok etmoqda. Mutaxassislar tomonidan yoʻlning holati oʻrganilib, belgilangan texnologiya asosida taʼmirlash va asfaltlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Aholi uchun yanada qulay va xavfsiz harakat
Yangi asfalt qoplamasining yotqizilishi, avvalo, mahalla aholisining uzoq yillardan buyon yoʻl bilan bogʻliq murojaatlarini amaliy hal etishga qaratilgan.
Taʼmirlangan yoʻllar orqali mahalla aholisi, yoʻlovchilar va haydovchilar uchun harakatlanish sharoiti yaxshilanadi. Transport vositalarining qatnovi yengillashib, yomgʻirli va qish mavsumida yuzaga keladigan noqulayliklar sezilarli darajada kamayadi.
Eʼtiborlisi, loyiha doirasida nafaqat avtomobil yoʻllarini taʼmirlash, balki piyodalar xavfsizligini taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, mahalladagi 17-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti va 15-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabiga olib boruvchi yoʻnalishlar boʻylab piyodalar yoʻlaklarini barpo etish ishlari ham boshlab yuborilgan.
Bu esa taʼlim muassasalariga qatnaydigan bolalar, ularni kuzatib boruvchi ota-onalar, shuningdek, ayollar va nuroniylar uchun xavfsiz harakatlanish imkoniyatini kengaytiradi.
Aholi ovozi — amaliy natija
“Ochiq budjet” jarayonining eng muhim jihati shundaki, unda aholi oʻz mahallasi uchun zarur boʻlgan masalalarni ilgari suradi va ovoz berish orqali ularning ustuvorligini belgilaydi.
Shohnigor mahallasida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha ham fuqarolarning ovozi va tashabbusi mahalliy infratuzilmada aniq natijaga aylanayotganining amaliy ifodasidir.
Ravon va sifatli yoʻllar mahallaning ijtimoiy hayotini yanada yaxshilash, aholining kundalik harakatini yengillashtirish, taʼlim muassasalariga qatnovni qulaylashtirish hamda hududning umumiy obodligi va jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu kabi loyihalar orqali aholi oʻz tashabbusi bilan mahalladagi dolzarb muammolarni hal etish jarayonida bevosita ishtirok etmoqda. Shohnigor mahallasidagi yangi yoʻllar esa ana shu tashabbuskorlikning amaliy natijasi sifatida aholi xizmatiga kirib bormoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









