“Qumkashon”, “Bayot” va “Katta Bayot” mahallalaridagi 4,5 kilometr ichki suv tarmoqlarida ishlar jadal davom etmoqda
2026-08-08 17:25:00 / Yangiliklar

Suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminotini yaxshilash hamda qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtirish samaradorligini oshirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi sezilayotgan sharoitda irrigatsiya va melioratsiya tizimini takomillashtirish, ichki sugʻorish tarmoqlarini tartibga keltirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Olot tumanida ham suv xoʻjaligi infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xoʻjaliklararo va ichki suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, ariq va kanallar oʻzanini tozalash hamda betonlashtirish boʻyicha muhim loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida tumanda qariyb 19 ming 800 gektar qishloq xoʻjaligi yerlarining suv taʼminotini yaxshilash maqsadida ariq va kanallarning 19,8 ming metr qismida betonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha tumanning “Soloqorovul”, “Kesakli”, “Nurobod”, “Qirtay”, “Boʻribek Chandir”, “Xosaboʻyi”, “Yosh botir”, “Navroʻz” kabi mahallalarini qamrab olgan. Qurilish-montaj ishlarida pudratchi tashkilot sifatida “Fayzbek Oʻgʻiloy” MCHJ jamoasi faol ishtirok etmoqda.
Umumiy qiymati 13 milliard 700 million soʻm boʻlgan loyiha doirasida ariq va kanallar oʻzanini betonlashtirish uchun maxsus texnika va mexanizatsiyalashgan brigadalar jalb qilingan.
Suv yoʻqotilishi kamayadi, dalalar taʼminoti yaxshilanadi
Ariq va kanallarning betonlanishi, avvalo, suvning tuproqqa singib ketishi natijasidagi yoʻqotishlarni kamaytirish imkonini beradi. Natijada mavjud suv resurslaridan yanada samarali foydalanish, suvni belgilangan hududlarga tezroq va barqaror yetkazib berish imkoniyati kengayadi.
Ayni kunlarda Qumkashon, Bayot va Katta Bayot mahallalarida 4,5 ming metr ariqlarni tozalash va oʻzanini betonlashtirish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Qurilish jarayoniga zamonaviy texnika, zarur maxsus mexanizmlar hamda tajribali mutaxassislar jalb etilgan.
Ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash orqali ushbu hududlardagi fermer va dehqon xoʻjaliklari dalalariga suv yetkazib berish tizimini sezilarli darajada yaxshilash koʻzda tutilmoqda.
Qariyb 20 ming gektar yerning suv taʼminoti yaxshilanadi
Loyiha toʻliq amalga oshirilgach, tuman hududida qariyb 20 ming gektar ekin maydonining suv taʼminoti yaxshilanishi kutilmoqda. Bu esa qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻz vaqtida va meʼyorda sugʻorish, hosildorlikni oshirish hamda yerdan samarali foydalanish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.
Ayniqsa, sabzavot, poliz, dukkakli va boshqa serdaromad ekinlarni yetishtirish koʻlamini kengaytirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish imkoniyatlari yanada ortadi.
Tomorqa yerlarining unumdorligini oshirish orqali xonadonlarning nafaqat oʻz ehtiyojini qondirishi, balki ortiqcha mahsulotni ichki bozorga chiqarishi uchun ham sharoit yaratiladi. Bu esa oilaviy daromadlarni oshirish va aholi bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Shuningdek, suv taʼminotining yaxshilanishi qishloq xoʻjaligida yangi ish oʻrinlari yaratilishi, fermer va dehqon xoʻjaliklari faoliyati kengayishi, yetishtirilayotgan mahsulot turi va hajmini koʻpaytirishga zamin yaratadi.
Bugun suvdan oqilona foydalanish — yuqori hosildorlikka erishishning muhim shartlaridan biri. Shu bois Olot tumanida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha nafaqat mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, balki kelgusi yillarda qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti uchun barqaror infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi.
Zero, suv — hayot manbai. Uning har bir tomchisini asrash va undan samarali foydalanish barqaror hosil, farovon xonadon va toʻkin dasturxonning muhim garovidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








