Jondorda zamonaviy sud binosi qad rostlamoqda
2026-08-08 17:10:00 / Yangiliklar

Ayni yoʻnalishda Buxoro viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Jondor tumanida jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi uchun zamonaviy maʼmuriy bino barpo etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur inshoot tuman aholisi uchun munosib bayram tuhfasi boʻlishi bilan birga, sud tizimida fuqarolarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qurilish ishlari “Darveshi” mahalla fuqarolar yigʻini hududida jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Namunaviy loyiha asosida barpo etilayotgan inshoot zamonaviy meʼmoriy yechimlari, qulay ichki infratuzilmasi va funksional imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Yangi binoning hudud obodonligi va meʼmoriy qiyofasiga ham munosib hissa qoʻshishi kutilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 19 milliard 700 million soʻmni tashkil etadi. Qurilish jarayonida sifat va xavfsizlik talablariga, belgilangan shaharsozlik meʼyorlari hamda texnik standartlarga qatʼiy rioya etilmoqda.
Loyihaning buyurtmachisi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti davlat muassasasi, loyihachi — “Oʻzshaharsozlik LITI” davlat muassasasi. Bosh pudratchi “Qodirov Mirjalol Qobilovich” MCHJ tomonidan qurilish-montaj ishlari belgilangan grafik asosida amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy sharoit — samarali odil sudlov
Yangi sud binosini barpo etishda, avvalo, fuqarolar uchun qulay muhit yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Inshootda sud majlislarini samarali va ochiq oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar, fuqarolarni qabul qilish xonalari, sudyalar va xodimlar uchun zamonaviy ish xonalari koʻzda tutilgan.
Shuningdek, binoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish imkonini beruvchi zamonaviy tizimlar joriy etilishi rejalashtirilgan. Bu esa sud ishlarini tashkil etish samaradorligini oshirish, axborot almashinuvini tezlashtirish va fuqarolarga koʻrsatiladigan xizmatlarni yanada takomillashtirish imkonini beradi.
Binoning foydalanishga topshirilishi bilan sudga murojaat qiluvchi fuqarolar uchun ham qulayliklar kengayadi. Xususan, ularning murojaatlarini qabul qilish, zarur maʼlumotlarni olish va sud jarayonlarida ishtirok etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Inson qadri va qonun ustuvorligi — bosh mezon
Sud binolarining zamonaviy talablar asosida qurilishi odil sudlovning mazmun-mohiyati bilan uzviy bogʻliq. Zero, sudga murojaat qilgan har bir inson, avvalo, qonuniylik, xolislik va adolat tamoyillariga amal qilinishiga ishonch hosil qilishi kerak.
Jondor tumanida barpo etilayotgan yangi sud binosi ham ana shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Unda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sudyalar va xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash, sud ishlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish uchun zarur imkoniyatlar mujassam etiladi.
Bunyodkorlik ishlarining Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida yakunlanishi esa ushbu loyihaning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi. Yangi inshoot nafaqat Jondor tumani sud tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydi, balki hududda qonun ustuvorligi, inson qadri va adolat tamoyillarini taʼminlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









