“Ochil Bozor” fermer xoʻjaligida yarim gektar maydonga kartoshkaning serhosil navi ekildi
2026-08-08 17:05:00 / Yangiliklar

Bunda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish bilan bir qatorda, dehqon va fermer xoʻjaliklarida ham ertagi ekinlardan boʻshagan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tumanda avvalgi yillarda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va boshqa talabgorlarga xonadonlariga yaqin hududlardan yer maydonlari ajratilib, ularning dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, “Alisher Navoiy” MFYda 94 nafar, “Bahoriston” MFYda 86 nafar, “Chorbogʻ” va “Denov” MFYlarining har birida 109 nafardan, “Sharq yulduzi”da 155 nafar, “Oʻzbekiston” mahallasida 117 nafar hamda “Guliston” MFYda 105 nafar talabgorga yer maydonlari ajratilgan.
Bu esa nafaqat aholi bandligini taʼminlash, balki oilalarning qoʻshimcha daromad olishi, tomorqalardan samarali foydalanishi va ichki bozorni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.
Ayni kunlarda tumanda aholi tomorqalari bilan bir qatorda, dehqon va fermer xoʻjaliklarida kechki kartoshka, sabzi, baqlajon, loviya, karam, bulgʻor qalampiri kabi sabzavotlarni ekish va parvarishlash ishlari jadal olib borilmoqda.
Yarim gektardan 12 tonna hosil rejasi
Jumladan, “Navoiy” hududidagi “Ochil Bozor” fermer xoʻjaligi dalalarida 50 sotix maydon kartoshka ekish uchun tayyorlanib, unga Pokistonda yetishtirilgan “Santa” naviga mansub urugʻlik kartoshka takroriy ekin sifatida ekildi.
Mazkur nav yuqori hosildorligi va mahalliy iqlim sharoitiga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi. Xoʻjalik mehnat jamoasi kartoshka maydonida uch oy davomida belgilangan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirib, mavsum yakuniga qadar 12 tonnagacha sara hosil olishni rejalashtirmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yetishtiriladigan mahsulotni realizatsiya qilish orqali xoʻjalik 70 million soʻm atrofida daromad olishi mumkin.
Bu esa bir qarashda kichikdek tuyulgan 50 sotix yer maydonidan ham unumli foydalanish orqali salmoqli iqtisodiy natijaga erishish mumkinligini koʻrsatadi.
Tomorqa — toʻkinlik va daromad manbai
Mutaxassislar taʼkidlaganidek, takroriy ekinlarni keng joriy etish yer resurslaridan yil davomida samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini koʻpaytirish va aholi daromadlarini oshirish uchun muhim imkoniyatdir.
Ayni paytda Olot tumanida mavjud 4 ming 471 gektar aholi tomorqasida 53 ming tonna atrofida ertagi sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, 570 gektarda 4 ming tonnadan ortiq kartoshka, 502 gektarda 8 ming tonna atrofida pomidor, 171 gektarda 3 ming 158 tonna sabzi, 580 gektarda 11 ming tonna atrofida piyoz yetishtirilmoqda. Shuningdek, 700 gektardan ortiq maydonda 30 ming tonnaga yaqin qovun-tarvuz va oshqovoq yetishtirish harakati jadal davom etmoqda.
Joriy yil dehqonchilik mavsumida tumanda dehqon xoʻjaliklarining 190 gektarida kartoshka, umumiy hisobda esa 833 gektar maydonda piyoz, bulgʻor qalampiri, pomidor, bodring, karam, baqlajon va boshqa sabzavot ekinlarini ekish hamda parvarishlash ishlari davom ettirilmoqda.
Zero, unumli foydalanilgan har bir qarich yer — qoʻshimcha daromad, yangi imkoniyat va dasturxon toʻkinligi demakdir. Tomorqa va takroriy ekinlar esa aholi bandligini taʼminlash, oilaviy daromadni oshirish, ichki bozorda mahsulot moʻl-koʻlligini taʼminlash hamda narxlar barqarorligiga hissa qoʻshishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








