AQSHning “Head Honchos LLC” kompaniyasi delegatsiyasi Buxoroda boʻldi
2026-08-07 16:05:00 / Yangiliklar

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, AQSHning qishloq xoʻjaligi tarmogʻida mehnat qilish istagidagi nomzodlarning kasbiy salohiyatini baholash hamda istiqbolli qoʻshma loyihalarni muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Delegatsiya dastlab “Buxoro Agroklaster chorva” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga korxonada yaratilgan zamonaviy infratuzilma, chorvachilik sohasida qoʻllanilayotgan ilgʻor texnologiyalar va ishlab chiqarish jarayonlari taqdim etildi. Zamonaviy innovatsion yechimlar asosida faoliyat yuritayotgan agroklaster xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shuningdek, delegatsiya Qorakoʻl tumanidagi “Merganteks” paxta-toʻqimachilik agroklasterida boʻlib, ishlab chiqarish jarayonlari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va hududning iqtisodiy salohiyati bilan tanishdi.
Safar doirasida “Case IH” qishloq xoʻjaligi texnikalariga xizmat koʻrsatish markazida ham uchrashuv tashkil etildi. Bu yerda AQSHga “H-2A” dasturi orqali ishlash uchun tayyorgarlik koʻrayotgan nomzodlar bilan ochiq muloqot oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida Todd Miller va Nelson Enochs nomzodlarning kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalari, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini boshqarish mahorati bilan tanishib, AQSHda mehnat qilish shartlari, mehnat madaniyati, xavfsizlik qoidalari hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlari yuzasidan tavsiyalar berdilar.
Samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan muloqotlar davomida oʻzbekistonlik nomzodlarning tayyorgarlik darajasi xorijiy hamkorlar tomonidan yuqori baholandi. Tomonlar qonuniy va xavfsiz mehnat migratsiyasini rivojlantirish, malakali kadrlarni xalqaro mehnat bozori talablari asosida tayyorlash hamda qishloq xoʻjaligi sohasida uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
AQSH delegatsiyasi Buxoro viloyati hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Rizo Asadov bilan ham uchrashdi. Muloqotda mehnat migratsiyasi, qishloq xoʻjaligi va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, malakali kadrlarni xalqaro mehnat bozori talablariga mos tayyorlash hamda kelgusida amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalar istiqbollari muhokama qilindi.
Tashrif Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, xorijiy ish beruvchilar bilan aloqalarni kengaytirish hamda yangi imkoniyatlarni shakllantirish yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







