Jondor: qishloq maktabini yangilashga 17,2 milliard so‘m sarflanmoqda
2026-08-06 16:10:00 / Yangiliklar

Mahalliy aholining 1100 nafardan ortiq farzandi tahsil olayotgan qishloq maktabi qurib foydalanishga topshirilganiga 50 yildan oshgan bo‘lib, keyingi paytda moddiy-texnik jihatdan yaroqsiz va ta’mirtalab holga kelgandi. Inshootni zamonaviy andozada ta’mirlashga 17,2 milliard so‘m mablag‘ sarflanmoqda.
Viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi injeniring kompaniyasi” buyurtmasi asosida loyiha "Varaxsha maxsus qurilish" MChJ binokorlari tomonidan qayta mukammal rekonstruksiya qilinmoqda. Uch oy burun boshlangan ta’mirlash ishlarida o‘quv binosi kapital rekonstruksiyasi, poli, tomi, shiftlari, eshik-derazalarini zamonaviysiga yangilash, muhandislik tizimlari isitish, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi, muqobil energiya manbai—quyosh paneli bilan ta’minlash, devorlarni suvash, bo‘yoqlash kabi muhim jihatlarga e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, sinf xonalarb, ma’muriy xonalar, sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar uchun mo‘ljallangan hudud talab darajasida jihozlanishi, qolaversa, hududni obodonlashtirish, sanitariya tarmog‘ini shay qilish, maktab hovlisini tartibga solish ishlari nazoratda.
Hademay, yangilangan ko‘rinishda foydalanishga topshiriladigan umumta’lim maktabi qishloq yoshlarining iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni talab darajasida tahsil olishi, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida dolzarb vosita bo‘lib xizmat qiladi. Zero, sifatli ta’lim va zamonaviy infratuzilma — ertangi kunga qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







