Cho‘ldagi sharshara
2026-08-05 16:55:00 / Yangiliklar

Qizilqum cho‘llarining Gʻijduvon va Shofirkon tumanlari kesishmasida, Oyoq og‘itma ko‘li yaqinida sharshara borligi xabarini eshitgach, qadim sahrolarga yo‘l olamiz.
Buxoro shahridan 100 kilometr uzoqlikdagi manzillar o‘ziga ohangrabodek chorlayveradi. Shofirkondan cho‘lga ro‘baro‘ bo‘lgunimizcha asfalt, ravon yo‘l, qolgan qismi ilon izi so‘qmoqlar, bizdan oldin o‘tgan ulovlar izidan odimlaymiz. Adashib ketish ehtimoli ko‘proq.
Ikki tomondagi adog‘i ko‘rinmaydigan sahrolar sokin. Mashina oynasini tushirib, ozroq bo‘lsada cho‘l nasimlaridan simirasan. Turli o‘t-o‘lanlar, shifobaxsh ko‘katlar hidi dumoqqa uriladi. Bu hududda isiriq ko‘p. Yangi o‘sayotgani, qurib qolgani, urug‘lari sochilib yotgani ancha-muncha. Mashinani to‘xtatib bir etak hazorspand teramiz.
Olisdan o‘rkachlarini lapanglatgan tuyalar, otlar uyuriga ko‘zimiz tushadi. Sahroning haqiqiy egalaridek viqorli boqishadi. Olislarda oqqushlar galasi,tustovuqlar qichqirig‘i,o‘rdak,g‘oz,kazarkalar ko‘zga tashlanadi. Ustidagi toshini zo‘rg‘a tortib ketayotgan toshbaqa, ilon, kaltakesaklar hayron boqadi. Cho‘lning shamoli doimiy esishini nazarga tutib, shamol generatorlari o‘rnatilgani, ulardan elektr energiyasi olish yo‘lga qo‘yilganidan quvonamiz.
Yo‘l olis, o‘nqir-cho‘nqirlar ham ta’sir qilmaydi. Toza havo, jonbaxsh nasim vujudingni qamraydi. Hatto saksovulning ham muattar bo‘yi bor. Biz bilmagan ming turli dorivor o‘simliklar ifori vujudingga singa boshlaydi, tetiklik bag‘ishlaydi. Buyuk ipak yo‘li o‘tgan manzillarda bir vaqtlar odamlar yashagan, karvonlar qatnovi tinmagan. Qum ostiga qolib ketishi oqibatida cho‘ldagi hayot tarzi qisqara boshlagan.
Razm solsak, bir necha joyda o‘tmishdan qolgan qabristonlar borligini payqadik. Qizilqum cho‘llarining Olot, Qorako‘l, Romitan hududlariga qaraganda Shofirkon, Gʻijduvon, Navoiy hududlaridagi farqni his etamiz. Biz borayotgan manzilda saksovullar biroz kam, nomini ham bilmagan o‘simlik, butalar mo‘lligini kuzatish mumkin.
Ancha-muncha yo‘l yurib qo‘ygach, Oyoq og‘itma ko‘li yastanib yotganini ko‘rdik. Nisbiy chuqurligi 130 metrgacha, 38 kilometrga cho‘zilib yotgan ko‘l. Havo harorati bu yilgi yozda baland bo‘lgani ko‘lda o‘z ta’sirini ko‘rsatibdi.
Suv qirg‘oqlarga bosh urmaydi. Qushlar galasi to‘lqinlar ustida raqs tushadi. Ko‘lga mahzun tikilgancha sharsharani izlay boshlaymiz. Ancha ilgarilab ketgan mashinalar ortidan odimlaymiz.Oyoq og‘itma ko‘li shimolida o‘pirilgan joylar bor. Chuqurlik ancha pastda. Yuqoridagi ko‘l suvining bir qismi jarlikka yo‘l olgan.
Go‘zal sharshara hosil bo‘lgan. 18 metrcha balanddan pastga tushayotgan zilol suvni shamol to‘rt tomonga sochadi. Quyosh nurida kamalak paydo bo‘ladi. Yaqiniga borganing sayin yuzlaringga tomchilar uriladi. Huzurbaxsh onlar sururi bo‘lakcha. Toshdan toshga sakrab, irmoqlar oqimi sari yuramiz. Bu ko‘lning nomi "Oyoq og‘itma" deyilishi bejiz emas. Salga toyib ketish mumkin. Bir necha bor yiqilib, turdik ham.
Baribir sharsharaga yaqin bordik. Uning ovozasini eshitganlar ko‘p shekilli, bizdan oldin kelganlar allaqachon ko‘lda baliq oviga kirishibdi. Sharshara atrofida gilam to‘shab, o‘rnashib olishgan edilar. Qozonlarda taomlar pisha boshlabdi.
Sharsharaga mahliyo bo‘lib tursak, kelganlar allaqachon yarim qopdan baliq ovlab qaytishdi. Qozonlarda qovurib, baliqxo‘rlikka chorlashdi. Topgan-tutganimizni o‘rtaga qo‘yib, uzoq o‘tirdik. Bunday musaffo havo, shamshara jozibasi, tomchilarning yuzlaringga urilishi ko‘p yillarga tatirli joziba, rohatijon edi!
Shuningdek ko‘lning yuqori qismida issiq suv chiqqani uchun ham kelguvchilar ko‘p. Oyoq, bo‘g‘inlar og‘rig‘iga shifo bo‘lishini ko‘pchilik tasdiqlashadi. "Hizir nur" ziyoratgohida bo‘lib, bu joyni tavof etadilar.
Shu bois sahroda ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘proq. Aminmizki yaqin kelajakda sahro bag‘ri obod bo‘ladi.
Cho‘l bag‘rida, Oyoq og‘itma ko‘li, sharshara, issiq suv, ziyoratgohida kelguvchilar soni oshaveradi. Oqqushlar qanot qoqib, qaldirg‘ochlar charx urib, otlar va tuyalar uyuri ko‘payib mehmonlarga peshvoz chiqaveradi...
Maxfirat Atoyeva,
Jurnalist
