Buxoro tumani: Xitoy safari doirasida sarmoyaviy hamkorlik boʻyicha kelishuvlarga erishildi
2026-08-05 16:40:00 / Yangiliklar

Jumladan, delegatsiya Shinjon Uygʻur avtonom rayonida yuzdan ortiq turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Benglondongji” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuvda Buxoro tumanida zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xitoylik investorlar tumanda qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishga katta qiziqish bildirdilar.
Shuningdek, Xitoyning “Dayu Zhihui Nongye Youxian Gongsi” kompaniyasi hamda Buxoro tumanidagi “Uch qaragʻay Agrolend” klasteri hamkorligida mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Mazkur loyiha qishloq xoʻjaligi tarmogʻini sifatli va zamonaviy mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash, mahalliy ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.
Muzokaralar davomida tomonlar loyihalarning tashkiliy, texnik va investitsiyaviy jihatlarini batafsil muhokama qilib, ularni qisqa muddatlarda amalga oshirish yuzasidan oʻzaro kelishuvga erishdilar. Rejaga muvofiq, loyiha doirasidagi amaliy ishlar joriy yil avgust oyining oxirida boshlanadi.
Shuningdek, avgust oyi oxirida xitoylik investorlarning Buxoro tumaniga tashrifi rejalashtirilgan. Tashrif davomida hududning investitsiya salohiyati bilan tanishish, ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, sarmoya hajmini belgilash hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga oid tashkiliy-huquqiy masalalarni muhokama qilish koʻzda tutilgan.
Ayni paytda Buxoro tumani hokimligi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari davom etmoqda. Safar doirasida xorijiy kompaniyalar va tadbirkorlar bilan qator istiqbolli investitsiya loyihalari yuzasidan uchrashuv hamda amaliy muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








