Buxoro tumani delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida
2026-08-04 16:55:00 / Yangiliklar

Maqsad — toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish, ilgʻor ishlab chiqarish tajribasini oʻrganish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.
Xizmat safarining dastlabki kunida delegatsiya Urumchi shahrida joylashgan “DAYUZHIHUI” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur korxona kimyoviy oʻgʻitlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boʻlib, zamonaviy texnologiyalari, yuqori ishlab chiqarish quvvati va innovatsion yondashuvlari bilan sohadagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Xizmat safari davomida korxonadagi zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot sifatini nazorat qilish tizimi hamda ekologik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻzdan kechirildi. Shuningdek, kompaniya rahbariyati bilan oʻtkazilgan uchrashuvda qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, yuqori samaradorlikka ega kimyoviy oʻgʻitlar ishlab chiqarish va ushbu yoʻnalishda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, bunday xalqaro hamkorliklar hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xizmat safari davomida Xitoyning yetakchi kompaniyalari, investorlari va tadbirkorlik subyektlari bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Tashrif yakunlari hamda erishiladigan kelishuvlar, shuningdek istiqbolli hamkorlik loyihalari haqida qoʻshimcha maʼlumot beriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








