Buxoro tumanida Xitoyning “Shinjon” usuli asosida qariyb 2 ming gektar maydonda paxta yetishtirilmoqda
2026-08-04 14:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, tumandagi "Uch Qaragʻay" MCHJ paxtachilik klasteri hamda xitoylik investorlar hamkorligida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihasi bu boradagi amaliy ishlar samarasidir.
Bugungi kunda loyiha doirasida choʻl hududidagi qariyb 2 ming gektar maydonda yuqori hosildor xorijiy nav urugʻlari ekilib, Xitoyning “Shinjon” usuli asosida gʻoʻza parvarishlanmoqda. Ekin maydonlarida suvni tejovchi tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan boʻlib, barcha agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilmoqda. Ayni paytda gʻoʻza gullash bosqichiga kirgan boʻlib, bu kelgusida moʻl hosil olish uchun muhim omil hisoblanadi.
Mazkur loyiha Buxoro tumani hokimligi delegatsiyasining bir necha oy avval Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida erishilgan kelishuvlar asosida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikning amaliy natijasidir. Unda Xitoyning ilgʻor tajribasi va zamonaviy agrotexnologiyalarini joriy etish orqali yerlar unumdorligini oshirish, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish hamda hosildorlikni sezilarli darajada koʻpaytirish maqsad qilingan.
Eʼtiborlisi, oʻtgan yili tumanning Novmetan va Kunjiqalʼa mahallalari hududidagi Qumsulton choʻl massivida 350 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida paxta yetishtirish boʻyicha tajriba loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Mirishkor dehqonlar mehnati samarasida har gektardan 80 sentnergacha hosil olindi. Erishilgan yuqori natijalar mazkur tajribani kengaytirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qildi va bugungi kunda uning koʻlami bir necha barobarga oshirildi.
Mazkur investitsiya loyihasi foydalanilmay kelgan yerlarni qishloq xoʻjaligi aylanmasiga kiritish, zamonaviy va ilm-fanga asoslangan paxtachilikni rivojlantirish, sanoat uchun sifatli xomashyo yetishtirish hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash hamda Buxoro tumanining agrar va investitsiyaviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









