Buxoro shahridagi 33-sonli maktab energiya tejamkor texnologiyalar asosida mukammal taʼmirlanmoqda
2026-08-04 12:45:00 / Yangiliklar

Oʻtgan asrning 80-yillarida barpo etilgan mazkur taʼlim muassasasi 2008-yilda joriy taʼmirlangan boʻlib, bugungi kunda davlatimiz rahbarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosati doirasida toʻliq rekonstruksiya qilinmoqda.
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-maydagi 300-sonli “Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
1176 nafar oʻquvchiga moʻljallangan maktabda amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari natijasida bino zamonaviy meʼmoriy yechimlar, energiya samaradorligi yuqori boʻlgan muhandislik-kommunikatsiya tizimlari hamda qulay taʼlim muhiti bilan taʼminlanadi. Loyiha doirasida bino konstruksiyalari mustahkamlanib, ichki va tashqi pardozlash ishlari, tom qismi, isitish, elektr taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya va sanitariya tarmoqlari toʻliq yangilanmoqda.
Qurilish-montaj ishlari pudratchi tashkilot — "Qoraun Inshoot Qurilish" MCHJ tomonidan belgilangan meʼyor va talablar asosida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda qurilish maydonida 15 ta brigada tarkibida 150 nafardan ortiq malakali ishchi va mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Barcha ishlar tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari hamda amaldagi qurilish meʼyorlari asosida bajarilmoqda.
Umumiy qiymati 23 milliard 664 million soʻm boʻlgan mazkur ijtimoiy ahamiyatga ega loyiha yakunlangach, oʻquvchilar va pedagoglar uchun zamonaviy, xavfsiz, energiya tejamkor va barcha qulayliklarga ega taʼlim muhiti yaratiladi. Bu esa taʼlim sifati va oʻquv jarayoni samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








