Botir Zaripov Xiʻan Jiaotong University olimlari bilan uchrashdi
2026-07-29 17:20:00 / Yangiliklar

Universitet 1896-yilda Shanxay shahrida Nanyang Public School nomi bilan tashkil etilgan. 1956-yilda uning asosiy qismi davlat qarori bilan Sian shahriga koʻchirildi va 1959-yildan buyon Xiʻan Jiaotong University nomi ostida faoliyat yuritib kelmoqda.
Soʻnggi yillarda Buxoro davlat tibbiyot universiteti va Xiʻan Jiaotong University, ayniqsa uning Birinchi va Ikkinchi affiliatsiyalangan klinikalari oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Ushbu hamkorlik tibbiy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, klinik amaliyot hamda akademik almashinuv kabi muhim yoʻnalishlarni qamrab olgan.
2024-yilda ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida rasmiy hamkorlik memorandumi imzolanib, taʼlim, ilm-fan va klinik tibbiyot sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratildi. Shuningdek, talabalar, klinik ordinatorlar va professor-oʻqituvchilarning akademik almashinuvini yoʻlga qoʻyish, yozgi maktablar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Hamkorlik doirasida nefrologiya, onkologiya, bioinformatika, biotibbiy muhandislik, sunʼiy intellekt va raqamli tibbiyot sohalarida qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, Xiʻan Jiaotong University Birinchi affiliatsiyalangan klinikasida "Minimal invaziv endoskopik texnologiyalar" boʻyicha qisqa muddatli oʻquv dasturi tashkil etildi. Unda Oʻzbekistonning turli hududlaridan, jumladan, buxorolik 20 nafar shifokor grant asosida malaka oshirdi.
Shu bilan birga, universitetning Ikkinchi affiliatsiyalangan klinikasi bilan hamkorlikda Xitoy–Oʻzbekiston Intervension nefrologiya diagnostikasi va davolash markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Buxoroda tibbiy taʼlim va amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi sunʼiy intellektga asoslangan innovatsion laboratoriyani tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha diabetik nefropatiyani erta aniqlash, buyrak kasalliklarini prognozlash va gemodializdagi bemorlarni raqamli boshqarish kabi muhim yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, 2027–2028-oʻquv yilidan boshlab qoʻshma magistratura dasturlarini yoʻlga qoʻyish, Visiting Professor dasturini amalga oshirish hamda universitetlarning ilmiy elektron maʼlumotlar bazalaridan oʻzaro foydalanish imkoniyatlarini yaratish boʻyicha ham kelishuvlar mavjud.
2025-yilda Xiʻan Jiaotong University rahbariyati va professorlari Buxoroga tashrif buyurib, nefrologiya sohasida mahorat darslari oʻtkazdi hamda hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarni imzoladi. Bu tashrif ikki mamlakat oʻrtasidagi tibbiy taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam boʻldi.
Mazkur hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida ayni kunlarda Xiʻan Jiaotong University Ikkinchi affiliatsiyalangan klinikasi professori Chang Lyu boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatida boʻlib turibdi.
Xitoylik olimlar ishtirokida Buxoro shahrida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi tibbiy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beruvchi qoʻshma tibbiy skrining dasturi ishga tushirildi. Loyiha doirasida Buyrak Interventional Training Center (Buyrak intervension taʼlim markazi) ham rasman oʻz faoliyatini boshladi.
Mazkur markaz intervension nefrologiya sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, xalqaro malaka oshirish kurslarini tashkil etish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, zamonaviy klinik texnologiyalarni tibbiyot amaliyotiga joriy qilish hamda akademik almashinuv dasturlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 27–29-iyul kunlari Buxoro shahrida xitoylik mutaxassislar ishtirokida bachadon boʻyni saratoni, sut bezi saratoni hamda gemodializdagi bemorlar uchun nefrologik koʻriklar boʻyicha bepul tibbiy skrininglar tashkil etilmoqda. Dastur doirasida mahalliy shifokorlar uchun amaliy mahorat darslari, klinik muhokamalar va oʻzaro tajriba almashish tadbirlari ham oʻtkazilmoqda.
Bugun Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Xitoy delegatsiyasi aʼzolarini qabul qildi. Uchrashuv davomida ikki mamlakat tibbiyot muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish hamda istiqboldagi qoʻshma dasturlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ushbu tashrif va amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar Oʻzbekiston–Xitoy munosabatlarining tibbiyot va ilm-fan sohasida izchil rivojlanayotganini yana bir bor tasdiqlab, Buxoro davlat tibbiyot universitetining xalqaro hamkorlik salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






