Qorako‘l: “Sohil bo‘yi” aholi saylgohi foydalanishga topshirildi
2026-07-25 16:05:00 / Yangiliklar
Qorako‘l tumanida aholi uchun yana bir zamonaviy va fayzli maskan – “Sohil bo‘yi” saylgohi, aholi dam olish maskani tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. “Amu–Qorako‘l” kanali bo‘yida bunyod etilgan ushbu maskan tumanning obod qiyofasini yanada boyitib, mahalliy aholi va mehmonlar uchun oilaviy hordiq chiqaradigan shinam manzilga aylandi.

Loyiha doirasida tuman markazidan oqib o‘tuvchi kanal o‘zanining 2,5 ming metr qismi betonlashtirildi. Shuningdek, o‘tgan oylarda 1,1 ming metr uzunlikdagi hududda savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari barpo etilgani holda o‘ttizga yaqin tashabbuskor bandligi ta’minlanmoqda. Hudud dekorativ yoritish tizimi, bolalar o‘yin maydonchalari, barcha qulaylikka ega dam olish zonasi bilan jihozlanib, zamonaviy ko‘ngilochar maskanga aylantirildi.
Saylgohni foydalanishga topshirish marosimida viloyatimizda targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini olib borayotgan bir guruh jamoatchilik vakillari, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari, jumladan, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, tarix fanlari doktori, professor hamda taniqli aktrisa Oygul Abdurahmonova, O‘zbekiston respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulovalar so‘zga chiqib, barchani tuman husniga ko‘rk bo‘lgan yangi inshoot bilan samimiy tabriklab, Vatanga sadoqat, milliy birlik va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashning ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
E’tirof qilinganidek, “Sohil bo‘yi” saylgohi nafaqat aholining mazmunli hordiq chiqarishi, balki ekologik muhitni yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish va tumanning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda muhim qadamdir.
Tadbirda taniqli xonandalar Aziz Rajabiy, Iroda Iskandarovalar tomonidan ijro qilingan sho‘x qo‘shiqlar, Vatan, tinchlik va mustaqillikni ulug‘lovchi taronalar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Shuningdek, tuman raqs jamoalari hamda madaniyat bo‘limi badiiy havaskorlik jamoasi chiqishlari, ijro qilingan kuy-qo‘shiq va raqslar davraga fayz bag‘ishladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









