Olot: “Sohil bo‘yi” — dam olish va istirohat maskani foydalanishga topshirildi
2026-07-24 18:35:00 / Yangiliklar
Olot tumani aholisi va mehmonlari uchun ko‘pdan kutilgan yana bir fayzli manzil—“Sohil bo‘yi” dam olish maskani tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. “Amu–Qorako‘l” kanali bo‘yida 500 metr masofada bunyod etilgan bu maskan tumanning obod qiyofasini yanada boyitib, oilaviy hordiq chiqarish uchun qulay manzilga aylandi.

Umumiy qiymati 8 milliard 510 million so‘m bo‘lgan loyiha doirasida kanal betonlashtirildi, piyodalar yo‘laklari barpo etildi, zamonaviy besetkalar va himoya to‘siqlari o‘rnatildi. Hudud dekorativ yoritish tizimi, bolalar o‘yin maydonchalari hamda barcha qulayliklarga ega dam olish zonalari bilan jihozlanib, zamonaviy ko‘ngilochar maskanga aylantirildi. Bunda zamonaviy arxitektura yechimlariga ega bo‘lgan ko‘ngilochar maskan, oilaviy dam olish hududlari, sayr yo‘laklari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kichik savdo shaxobchalari, bolalar uchun o‘yin maydonchalari hamda yoshlar uchun sport va dam olish joylari tashkil etilgan.
Xalifa mahallasida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida 15 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti o‘z faoliyatini boshlayotgan bo‘lib, bunda 50 tadan ziyod yangi ish o‘rni yaratilmoqda. Bu ham mahalla aholisining daromad manbalarini kengaytirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va aholi turmush farovonligini oshirishda muhim omildir.
Kuni kecha dam olish maskani ochilishida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari olotliklar xursandchiligiga sherik bo‘lishdi.
Tadbir davomida falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, tarix fanlari doktori, professor hamda taniqli aktrisa Oygul Abdurahmonova, Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matovalar so‘zga chiqishib, milliy birlik va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash, Vatanga mehr-muhabbat, qolaversa, so‘nggi yillarda yangilanib borayotgan yurtimiz va Olot tumanidagi bunyodkorliklar xususida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbirda poytaxtdan kelgan taniqli xonandalar Aziz Rajabiy va Sardor Shavkatov ijrosidagi Vatan, tinchlik va mustaqillikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Shu kuni tuman madaniyat bo‘limi badiiy havaskorlik va raqs jamoalari konsert dasturi ham yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Yangi “Sohil bo‘yi” maskani nafaqat aholining mazmunli hordiq chiqarishi, balki ekologik muhitni yaxshilash, turizm salohiyatini oshirish va tumanning zamonaviy qiyofasini yanada yuksaltirish yo‘lida muhim qadamdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









