Shofirkon: Xo‘ja Orif mahallasida “Buxoriy yeducation” nodavlat ta’lim maskani ish boshladi
2026-07-20 14:00:00 / Yangiliklar
Xo‘ja Orif mahallasida yangi ta’lim maskani ish boshlagani Shofirkon tumanida sifatli ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning kelajakdagi yutuqlariga mustahkam zamin yaratish, oliy ta’lim dargohlariga iqtidorli yoshlarni tayyorlashda muhim qadamlardan biridir.

Tumanda ta’lim sifatini yanada oshirish, ertamiz egalari talab darajasida bilim olishlari uchun zamonaviy shart-sharoit yaratish maqsadida “Buxoriy yeducation” nodavlat ta’lim maskani tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur zamonaviy ta’lim maskanida ayni paytda 50 nafar o‘quvchi puxta tahsil olish imkoniga ega. Ularga dars mashg‘ulotlari zamonaviy pedagogik yondashuvlar, innovasion dasturlar va raqamli texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, o‘quvchilar uchun bunda zarur darslik va adabiyotlar, ko‘rgazmali vositalar, boshqa qulayliklar yaratilgan. Ta’lim maskaniga tashkiliy-ta’lim masalalari bo‘yicha Ikrom Hakimov mas’ul etib belgilangan.
Ta’lim maskani ochilishida tuman mutasaddilari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, jamoatchilik vakillari ishtirok etib, unda so‘zga chiqqanlar yoshlarni samimiy tabriklab, o‘quv maskanining yoshlar kelajagini ta’minlashdagi o‘rni xususida to‘xtaldilar.
Ta’lim tizimidagi yangiliklarni o‘zida tatbiq etayotgan maskanda tajribali ustozlar faoliyat yuritmoqda. Jumladan, matematika fanidan Ilhom Baqoev, ingliz tili fani o‘qituvchisi Umid Axtamov xorijiy tillarni o‘qitish borasida katta salohiyatga ega pedagoglardan hisoblanishadi.
Shuningdek, respublika Vazirlar Mahkamasining 365-sonli qarori asosida ijtimoiy reestrda ro‘yxatda turgan, bilim olishga intiluvchan ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar farzandlari, ilmga chanqoq o‘quvchilar uchun bunda ta’lim xizmatlari bepul tashkil etilmoqda.
Qolaversa, o‘quvchilarning intellektual salohiyatini oshirish va bilimlarini mustahkamlash maqsadida har oy “Zakovat” turnirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali ularning bilim va ko‘nikmalari muntazam sinovdan o‘tkaziladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





