Buxoro tumani: Rabotak mahallasida yangi tibbiyot punkti bunyod etilmoqda
2026-07-18 13:00:00 / Yangiliklar
“Rabotak” mahalla tibbiyot punkti o‘tgan asr yetmishinchi yillarida qurib ishga tushirilgan bo‘lib, 50 qatnovga mo‘ljallangan muassasa bugunga kelib hududdagi qariyb 8 ming aholiga tibbiy-profilaktik xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Biroq so‘nggi yillarda tibbiyot punktining moddiy-texnik eskirganligi, zarur shart-sharoitning yetishmasligi birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining pasayishiga olib kelayotgandi.

Ijtimoiy infrastrukturasiga to‘xtalsak, viloyat markaziga yaqin mahallada ayni kunda 2 ta umumta’lim maktabi, 1 ta davlat va 5 ta davlat – xususiy sherikchilikda tashkil etilgan maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Hududdan o‘tgan “M-37” avtomagistrali bo‘yida yo‘l harakatini tartibga solish maqsadida piyodalar yer osti o‘tish tunneli ham qurib foydalanishga topshirilgan.
Mahallada bugunga kelib 2 ming 179 ta xonadon umrguzaronlik qilayotgan bo‘lsa, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni kunda yetmishdan oshiq xonadon mahalla va tuman masu’llari tomonidan alohida nazoratga olingan. Salomatligi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan fuqarolarga doimiy bepul dori-darmon, nogironligi bor fuqarolarga maxsus vositalar, sayyor tibbiy ko‘riklar o‘tkazilib, oziq-ovqat mahsulotlari berib borilmoqda.
Aholidan tushayotgan murojaatlar va ular talab va istaklari inobatga olinib, mahalla tibbiyot punktini yangidan qurishga qaror qilindi. Shu kunlarda bu manzilda bunyodkorlik ishlari jadal tus olgan. Binoning ma’nan eskirgani, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitning yetarli emasligi yangi tibbiyot punktini barpo etishga sabab bo‘ldi. Shu bois, mahalla aholisiga yanada qulay va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida qurilish boshlangan.
Hozirda bu manzildagi ishlarni jadallashtirish, inshootni belgilangan muddatda va yuqori sifat bilan foydalanishga topshirish, qurilish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish, ishchilarga yaratilgan mehnat sharoiti tuman hokimligi kundalik nazorati ostida.
Mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ 35 yilligi bayrami kunlarida foydalanishga topshirilishi kutilayotgan yangi tibbiyot punkti rabotakliklar uchun munosib tuhfadir. Mahalla aholisi zamonaviy talablarga javob beradigan, qulay va sifatli birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









