Kogon shahri: 1- va 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham yangi o‘quv yiliga mukammal ta’mirlanmoqda
2026-07-18 11:00:00 / Yangiliklar
Respublika Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-maydagi “Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 300-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Kogon shahrida ham ta’lim muassasalarini zamonaviy talablar asosida yangilash va o‘quvchilar uchun munosib shart-sharoit yaratishga qaratilgan qurilish va kapital rekonstruksiya ishlari izchil amalga oshirilmoqda.

Xususan, shahardagi 1- va 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yangi o‘quv yiliga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari, moddiy-texnik imkoniyatlarni yaxshilash ishlari jadal bormoqda. Har ikki maktab keyingi yillarda ta’mirtalab va moslashtirilgan sharoitda, ikki navbatda faoliyat yuritib kelayotgani ana shu yangilanishga sabab bo‘ldi.
Loyiha doirasida 1-sonli ta’lim maskanini obodonlashtirish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun qiymati 5 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bunda maktabning 315 o‘rinli o‘quv inshooti to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda.
Ayni kunda o‘quvchilar o‘rnini oshirish maqsadida maktabda qo‘shimcha 120 o‘rinli yangi zamonaviy o‘quv binosi barpo etilmoqda.
Muhimi, manzilda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida maktabning umumiy quvvati 435 o‘ringa yetkaziladi va o‘quvchilar uchun xalqaro standartlarga mos barcha zarur shart-sharoitni hozirlash maqsad qilingan. Bu jarayonda tajribali binokor Nurali Nasimov rahbarligidagi "Production drymix" MChJ quruvchilari jonbozlik ko‘rsatmoqdalar.
Muhimi, manzilda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida maktabning umumiy quvvati 435 o‘ringa yetkaziladi va o‘quvchilar uchun xalqaro standartlarga mos barcha zarur shart-sharoitni hozirlash maqsad qilingan. Bu jarayonda tajribali binokor Nurali Nasimov rahbarligidagi "Production drymix" MChJ quruvchilari jonbozlik ko‘rsatmoqdalar.
Xuddi shunday, shahardagi 4-sonli umumta’lim maktabida ham mavjud 540 o‘rinli o‘quv inshootini mukammal ta’mirlash bilan birga, uning yonidan 300 o‘rinli yangi va shinam o‘quv binosini barpo etishga jiddiy kirishilgan. Loyiha amaliyoti uchun qiymati 13 milliard 65 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan bo‘lib, ayni kunda bu yerda mukammal ta’mirlash va qurilish ishlarini "Kumush piramida" MChJ va uning rahbari Jo‘rabek Tag‘oev boshliq mahoratli binokorlar olib borishmoqda.
Bundan ko‘rinadiki, yangi o‘quv yilidan boshlab ta’lim maskani jami 840 nafar o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga oladi va ular talab darajasida, zamonaviy andozadagi maktabda o‘qish imkoniga ega bo‘ladilar. Muassasalarda borayotgan qurilish jarayoni, ta’mirlash ishlari sur’ati va sifati, qurilish materiallari ta’minoti, ishchilarga yaratilgan mehnat xavfsizligiga doir shart-sharoit, inshootni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish tuman hokimligi kundalik nazorati ostida.
Ta’lim dargohini muqobil energiya manbalari, quyosh panellari va gidroisitish moslamalari bilan ta’minlash ham diqqat-e’tiborda. Albatta, hademay Kogon shahrining ko‘rkam maskanlariga aylanadigan mazkur ta’lim dargohlari yangicha qiyofasi va zamonaviy andozasi bilan ota-onalar va ular farzandlari uchun munosib tuhfadir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









