“Buxoro faxriy hunarmandlari” MCHJga qarashli maishiy xizmat uyi foydalanishga topshirildi
2024-08-23 11:20:00 / Yangiliklar
Binobarin, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ortib borayotgan ehtiyojlar sohaga yangiliklar kiritishni va shu orqali aholiga qulaylik yaratishni taqozo etmoqda.
Galaosiyo shahri markazida “Buxoro faxriy hunarmandlari” MCHJga qarashli maishiy xizmat uyining qayta ta’mirdan chiqarilishi ham ana shunday sa’y-harakatlarning amaliy tasdig‘idir.
Mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida mazkur binoning foydalanishga topshirilishi esa hudud aholisiga chinakam bayram tuhfasi bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida xizmat ko‘rsatish sohasining ham o‘z o‘rni borligini, yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishlar yangi biznes loyihalarga keng yo‘l ochayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ushbu zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishda qayta bunyod etilgan maskan mahalla ahlini og‘irini yengil qilish va aholining turmush farovonligini oshirishda muhim ekanini e’tirof etib, markazni qurishda jonbozlik ko‘rsatgan tadbirkor Sherzod Narzullayevga minnatdorlik bildirdi.
Mazkur markazda erkaklar va ayollar sartaroshxonasi, tikuv sexi, milliy shirinliklar, savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari singari 10 dan ortiq xizmat turlari tashkil etilgan.
Loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tadbirkorga 400 mln so‘m imtiyozli bank krediti ajratib berildi. Natijada 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Endilikda markazda 50 nafar fuqaro doimiy ish bilan band.