Qorovulbozor: Madaniyat markazi yangilandi
2024-08-23 11:10:00 / Yangiliklar
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi davomida yurtimizning har bir shahar va tumanida konsert-tomosha zali, kutubxona, kinozal va turli to‘garaklar xonalari mavjud bo‘lgan madaniyat markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida mas’ullar zimmasiga aniq vazifalar yuklangan edi.
Shu nuqtayi nazardan, ayni kunda viloyatning kenja tumani Qorovulbozor tumani markazidgia 45-son madaniyat markazi namunali madaniyat markazi sifatida qayta tashkil etildi.
Ta’kidlash lozimki, 1986-yilda qurilgan mazkur inshoot ma’nan eskirib, moddiy-texnik imkoniyatlari ham haminqadar holga kelib qolgandi. “Tashabbusli budjet” loyihasi asosida bu yerda “Me’mor kompleks” MCHJ tomonidan ta’mirlash ishlari olib borildi. Natijada madaniyat markazida asrlar davomida shakllangan boy madaniy merosimiz, yuksak ma’naviyatimizni, xalq an’analari va urf-odatlarini har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning hayot sifati va darajasini yuksaltirish uchun zarur barcha shart-sharoitlar hozirlandi. Yana bir e’tiborli jihati, inshoot tomiga 25 Kvt/soat quvvatiga ega 50 ta quyosh paneli o‘rnatildi. Bu 50 foiz elektr energiyasini tejash imkonini beradi.
Xususan, bunda kutubxona, ma’naviyat xonasi, shuningdek, tasviriy san’at va rassomchilik, ashula, doira, raqs va baxshichilik to‘garaklari, zamonaviy ovoz yozish studiyasi tashkil qilingan. Shuningdek, “Sardoba” ashula raqs ansambili va “Sahro sabolari” folklor etnografik jamoasining ijodiy faoliyati uchun ham qulayliklar yaratildi. Yangilangan 350 o‘rinlik tomoshalar zalida esa madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari va teatrlashtirilgan tomoshalar ko‘rsatish sifatini oshirish imkoniyati mavjud. Ta’mirlash ishlariga qariyb 400 mln mablag‘ sarflandi.
Endilikda yangi tashkil etilgan ushbu markazda muntazam ravishda xalq ijodiyoti va tomosha san’ati, ko‘rik-tanlovlar va festivallar o‘tkaziladi, iqtidorli yoshlarni aniqlash, rag‘batlantirish va yutuqlarini targ‘ib qilish ishlari olib boriladi.
Viloyatimizda mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivali” doirasida madaniyat markazining ochilish marosimi tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston xalq artistlari Tesha Mo‘minov va Mansur Toshmatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, shoira Farog‘at Xudoyqulova, teatr va kino aktyori Sobir Otajonov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi Sardor Bekmurodov, tuman hokimligi mas’ullari, madaniyat xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olganlar madaniyat markazi hudud aholisining nafaqat madaniy hordiq chiqarishi, balki yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng, ramziy lenta qirqilib, tantanada yig‘ilganlar madaniyat markazi faoliyati, unda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati