Olot: Master reja asosida “Sohil bo‘yi” — yangi dam olish maskani foydalanishga tayyor
2026-07-17 18:30:00 / Yangiliklar
“Sohil bo‘yi”—bu loyiha tumandan oqib o‘tuvchi “Amu-Qorako‘l” kanali bo‘ylab 485 metr masofani tashkil etmoqda. Umumiy qiymati 8 millard 510 million so‘mni tashkil etuvchi mazkur yirik bunyodkorlik ishlari doirasida zamonaviy arxitektura yechimlariga ega bo‘lgan ko‘ngilochar maskanlar, oilaviy dam olish hududlari, sayr yo‘laklari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, kichik savdo nuqtalari, bolalar uchun o‘yin maydonchalari hamda yoshlar uchun sport va faol dam olish joylari tashkil etilmoqda.

Loyiha doirasida kanal o‘zani betonlashtirildi, piyodalar yo‘laklari barpo etildi, zamonaviy besetkalar o‘rnatildi, kanal atrofi maxsus himoya to‘siqlari bilan jihozlandi. Shuningdek, hududning yanada ko‘rkam va jozibador qiyofasini ta’minlash maqsadida dekorativ yoritish chiroqlari o‘rnatildi, bolalar uchun zamonaviy o‘yin maydonchalari tashkil etildi, oilaviy dam olish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratildi.
Ezgu tashabbuslarning yorqin namunasi sifatida “Sohil bo‘yi” kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda. Yangi xizmat turlari, yangi ish o‘rinlari, yangi daromad manbalari paydo bo‘lib, aholi bandligini ta’minlash, mahalliy iqtisodiy faollikni oshirish, ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
– Xalifa mahallasida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida 15 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti o‘z faoliyatini boshlaydi, 50 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi, – deydi mahallaning tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi Firdavs Beshimov. – Bu esa mahalla aholisining daromad manbalarini kengaytirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va aholi turmush farovonligini oshirishda muhim omilga aylanadi.
Bu maskan kelajakda nafaqat aholining hordiq chiqarish joyi, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, oilaviy sayllar tashkil etiladigan, tuman jamoat hayotining faol markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Zamonaviy infratuzilma, obod va shinam muhit ushbu maskanning jozibadorligini yanada oshirib, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








