Buxoro tumani: mahalla "Hunarmand" uyushmasi bilan hamkorlikda 5 nafar chevarni ishli qildi
2026-07-17 10:15:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–410-sonli qaroriga muvofiq Buxoro tumanida ham qator ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ijtimoiy muhofazaga olingan oilalarni qo‘llab-quvvatlashda “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Mahalla ma’muriyati "Hunarmand" uyushmasi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda Yangiobod qishlog‘ida bo‘sh turgan binodan alohida joy hozirlab, hududda yashovchi tikuvchilardan biri Matluba Nosirova boshchiligida chevarlar sexini tashkil qildi.
O‘ziga xos tikuvchilik to‘garagida shu yo‘nalishga qiziqish bildirgan havaskor ayollar uchun mahorat darslari (master-klass) o‘tkazilib, ularga hunarmandchilik, chevarlik sir-asrori amaliy tarzda o‘rgatilmoqda. Ahamiyatli jihati, endilikda nogironligi bo‘lgan ayollar bu sex tufayli kasb-hunar egallashi, uy sharoitida daromad topishi uchun ham bu yaxshi imkoniyatdir.
Ayni kunda kichik korxona chevarlari milliy liboslar, ayollar, kelinchaklar kiyimlarini bejirim tikib tayyorlab, buyurtmalari sonini ko‘paytirmoqdalar. Bunda Zarnigor Nasrieva, Amina Aminova, Aziza Rahmatova, Oysuluv Mahmudovalar qo‘lidan xaridorbop bejirim tikib chiqarilayotgan kiyimlar ichki bozorga ham chiqarib sotilmoqda.
E’tiborlisi, kichik korxona chevarlari orasida ehtiyojmand oilalar bekalari, nogironligi bo‘lgan ayollar bor. Birgina tashabbus orqali mahallada ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga madadkor bo‘lish, ular bandligi va daromad topishini ta’minlash orqali jamoatchilik orasidagi faolligini oshirish, turmush darajasini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




