Vobkent: naymanliklar uchun zarur infratuzilma yaratilib, turmush darajasi yaxshilanmoqda
2026-07-16 13:55:00 / Yangiliklar
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Vobkent tumani Nayman mahallasi tom ma’noda bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bir necha yil avval orzu bo‘lib tuyulgan loyihalar bugun amalda o‘z ifodasini topmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 sentyabrdagi "Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ–5246-sonli qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Mazkur qaror asosida "Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish" loyihasi doirasida naymanliklar uchun zarur infratuzilma yaratilib, mahallada keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya ishlari jadal olib borilmoqda.

Jumladan, hudud aholisi uchun zarur ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilandi. Mahallada 2,3 ming metr yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, buning uchun 231 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada bugunga kelib mahalla aholisi to‘liq sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Hududda elektr energiyasi ta’minotidagi nuqson va kamchiliklar bartaraf etilgani ko‘plarni mamnun qilmoqda. Loyihaga ajratilgan 993 million so‘m mablag‘ evaziga 3 ta yangi elektr transformator punkti o‘rnatilgani, 8,4 ming metr masofada elektr uzatish tarmog‘i yangidan tortilgani, zamonaviy beton ustunlar o‘rnatilib, elektr ta’minotining barqarorligi sezilarli darajada oshirilgani fikrimiz dalili.
Naymanda ta’lim sohasida ham qator yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Mahalladagi 28-sonli umumta’lim maktabini mukammal ta’mirlash uchun qiymati 6 milliard 160 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ta’lim maskanida zamonaviy isitish tarmog‘i shay qilinib, 2 ta sport zali, uni yonidan faollar zali, uch qavatli o‘quv binosi mukammal ta’mirdan chiqarilib, sinf xonalari zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Shuningdek, inshootni muqobil energiya manbalari, quyosh panellari, shuningdek, geliokollektorlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Eskirgan eshik-derazalar va bino tomiyu poli ham yangilanib, o‘quvchilar uchun qulay ta’lim muhiti yaratilmoqda.
Mahalladagi o‘tgan asr yetmishinchi yillarida qurilgan 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rnida 120 o‘rinli, uch qavatli, yorug‘ va zamonaviy yangi bino qad rostlagani ayniqsa, ota-onalarni xursand qildi. Muassasa talab darajasida bunyod etilib, jajji tarbiyalanuvchilar uchun munosib shart-sharoit yaratilmoqda.
Qolaversa, hududda 3 mingga yaqin aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi oilaviy shifokorlik punkti ham yangicha qiyofa kasb etdi. Muassasaga qo‘shimcha bino qurilib, zamonaviy tibbiy xonalar tashkil etildi. Bino energiya tejamkor vositalar, issiqlikni saqlovchi tom qoplamasi, quyosh panellari asosidagi yoritish tizimi hamda yangi mebel va jihozlar bilan ta’minlanib, foydalanishga topshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Nayman mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari "Inson qadri uchun, inson baxti uchun" tamoyilining amaliy ifodasidir. Mahalla aholisi zamonaviy infratuzilma, sifatli kommunal xizmatlar, qulay ta’lim va tibbiyot maskanlari tufayli o‘zgarish va yangilanishlarni o‘z kundalik hayotida yaqqol his etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









