Buxoro tumani: "O‘lmas gold" MChJ tomonidan zamonaviy enoturizm markazi barpo etilmoqda
2026-07-15 20:20:00 / Yangiliklar
Sayyohlik tarmog‘i, turizm sohasini rivojlantirish, hududlarning investitsiyaviy salohiyatini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakat, qator istiqbolli loyihalar Buxoro tumanida ham jadal davom ettirilmoqda.

Shu kunlarda “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘inida ham pudratchi sub’ekt "Buxoro agro star" hamda "Gala River" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari negizida tashkil etilgan "O‘lmas gold" MChJ tomonidan zamonaviy enoturizm markazini barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha hudud turizm salohiyatini yanada oshirish, uzumchilik va meva-sabzavotlarni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida yiliga 30 ming nafargacha mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega enoturizm markazi tashkil etiladi. Shuningdek, quvvati 20 ming dona plastmassa quti ishlab chiqarish sexi, yiliga 5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotidan tabiiy usulda sharbat ishlab chiqarish sexi, qolaversa, sig‘imi 450 tonna miqdoridagi sovutkich omborini barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, majmuaga olib boruvchi 2 ming metr masofadagi yo‘lning ikki cheti bo‘ylab "Voyish" usulida uzumzor-tokzor barpo etish rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat hududning estetik qiyofasini yanada yaxshilaydi, balki agro va enoturizm yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, tumandagi fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa egalarini sifatli texnika xizmatlari va arzon kimyoviy o‘g‘itlar bilan ta’minlash maqsadida “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘inida texnika xizmatlari markazi va kimyoviy o‘g‘it omborini tashkil etish ham jadal davom ettirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida "Gala River" MChJ tasarrufidagi foydalanilmayotgan omborxona "Buxoro agro star" MChJ tasarrufiga nol qiymatda ijaraga berilgan. Ayni paytda bino negizida zamonaviy xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Binoning ayni paytda tashqi qismini ta’mirlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Kelgusida ushbu markaz orqali fermer va dehqon xo‘jaliklariga zamonaviy texnika xizmatlarini arzon narxlarda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda “Lovol” rusumli “F-4100” va “ARBOS-504” rusumli zamonaviy traktor agregatlari, shuningdek, agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirish uchun rotorli o‘rish texnikasi, yerga ishlov berish frezasi agregatlari xarid qilingani ayni muddao. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Buxoro tumanini turizm va agrosanoat salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









