Romitan: "Endi ish izlab chet elga bormayman..."
2026-07-15 15:30:00 / Yangiliklar
Musofirlikni ixtiyor etgan yurtdoshlarimizga hech qachon oson bo‘lmagan. Zimmadagi majburiyat, tirikchilik tashvishi bilan xorijga ish qidirib borib, ko‘p qiyinchilik ko‘rgan mehnat migrantlari ortda qolgan oilalari, farzandlarini o‘ylab, sog‘inch azobida kun ko‘rishlari, o‘zlari bir ahvolda bo‘lsalarda, misqollab yig‘ib to‘plaganlarini yaqinlariga yuborib, tashvish-muammolariga yechim izlashlari ham hech kimga sir emas.

Paxtaoy Komilova Romitan tumani, Navbahor mahallasida yashaydi. Turmush o‘rtog‘i bilan bir necha yil Rossiya tomonlarda yurib, halol-pokiza mehnat qilib, ro‘zg‘orini tebratgan. Qishloqda qolgan ikki norasida farzandi esa keksa qaynonasi parvarishida qolganidan o‘kingan paytlari ko‘p bo‘lgan.
Navbahor mahallasi xotin-qizlar faoli Zulfiya Jumaeva bir necha bor bu xonadonda bo‘lib, Paxtaoy Komilovaning farzandlari ahvolidan xabar olgan. Oxir-oqibatda Paxtaoy bilan qo‘ng‘iroqlashib, uyga qaytishini, shu yerda, farzandlari yonida bo‘lib, emin-erkin ishlab, ro‘zg‘or tebratishi mumkinligini uqtirib, nihoyat uning roziligiga ham erishgan.
Yarim yil oldin xorijdan qaytgan Paxtaoy Komilovaga mahalla ko‘magida subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berilgani tinib-tinchimas xonadon sohibasi uchun zo‘r imkoniyat bo‘ldi. Chevarlikdan yaxshigina xabardor ayol ko‘p o‘tmay o‘z tikuv sexini ochdi. Avvalo tikish-bichishga qiziqqan ikki qizni yoniga shogirdlikka oldi.
Deylik, mahallada milliy, ta’ziyadorlar uchun liboslar kerak bo‘lsa, aholi tuman markaziga, bozor-o‘charga chiqishga majbur edi. Aholi talablarini o‘rgangan Paxtaoy ular uchun qulaylik yaratdi. Hozir tikuv sexida buyurtmalar ko‘pligidan bunda yana bir nechta qo‘l kuchi, shogirdlarga ehtiyoj bor. Buyurtmalar hisobidan ayni kunda daromadga erishilmoqda. Bir oyda 10 million so‘mdan oshiq qiymatda moddiy manfaatdorlikka erishilmoqda.
Eng muhimi, Paxtaoy Komilova bugun o‘z mahallasida ham bemalol ishlab, kasb mahoratini namoyish etishi mumkinligini tushundi. Farzandlari bag‘rida, ular tarbiyasi bilan o‘zi mashg‘ul. “Endi ovora bo‘lib, uzoq o‘lkalarga ish qidirib borishimizga hojat qolmadi”,—deydi chevar ayol samimiy tabassum va shukronalik bilan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






