Qorovulbozor: cho‘lquvarlar zaminida har qatra “obi hayot”ning qadr-qiymati beqiyos
2026-07-15 15:20:00 / Yangiliklar

Taassufki, ko‘pchilik Qorovulbozor ekin yerlariga suv qanday yetib kelishi haqida batafsil ma’lumotga, tasavvurga ega emas. Gap shundaki, olis janubiy tuman tabiiy ravishda suv oqib keladigan hudud emas. Suv “Amu–Buxoro” magistral kanalidan olinib, “Do‘stlik” va “Qorovulbozor” nasos stansiyalari yordamida o‘nlab metr balandlikka ko‘tariladi. Shundan so‘ng u sug‘orish tarmoqlari orqali dalalar, tomorqalar va mahallalardagi ekin yerlariga yetkaziladi.
1979-yilda ishga tushirilgan “Do‘stlik” nasos stansiyasi soniyasiga 20 kub metr suvni qariyb 70 metr balandlikka ko‘taradi. 1997 yildan buyon faoliyat yuritayotgan “Qorovulbozor” nasos stansiyasi esa soniyasiga 22 kub metr suvni 60 metr balandlikka chiqarib uzatish quvvatiga ega. Shu bois, tumandagi suv inshootlari, xo‘jaliklararo ichki sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash, suv tanqis hududlarda sug‘orish tarmog‘ini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugunga kelib cho‘lquvarlar zaminida umumiy uzunligi 486 kilometrga teng ichki sug‘orish tarmog‘i mavjud bo‘lib, qishki mavsumda gidroinshoot o‘zanidan 10 ming metr qismi betonlashtirilgan. Umumiy hisobda xo‘jaliklararo beton qoplamali kanal uzunligi 66 kilometrni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, tumanda 517 kilometr zovurlar mavjud bo‘lib, joriy dehqonchilik yilida mo‘l hosil yetishtirish maqsadida qishki mavsumda zovurlar o‘zani maxsus texnikalar yordamida tozalangan.
Bir qarashda oddiy tuyuladigan bu jarayon aslida tumanning hayot tomiridir. Aynan shu inshootlar tufayli minglab gektar ekin maydonlari sug‘oriladi, tomorqalarda hosil yetishtiriladi, bog‘ va xiyobonlar yashnab turadi. Elimiz rizq-ro‘z manbai—sara bug‘doy yetishtirishda tuman dehqonlari peshqadamlar safida ekani sir emas. Birgina joriy yil dehqonchilik mavsumida hududdagi 171 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 5 ming 926 gektar yer maydonida serhosil bug‘doy navlariga mansub barakali hosil, ya’ni davlat qabul omborida 17 ming tonnadan orttirib boshoqli don xirmoni bunyod qilingani katta muvaffaqiyat, albatta.
Ekin yerlarini kengaytirib, aholi dasturxoni to‘kinligi xususida gap borganda, ayni paytda olis cho‘lquvarlar hududidagi fermer hamda dehqon xo‘jaliklarining jami 235 gektar yerida sabzavot, 91 gektar ekin maydonida poliz mahsulotlari yetishtirilayotgani e’tiborga molik.
Birgina joriy yil erta bahoridan hududdagi umumiy 170 gektardan ortiq yerda kartoshka ekib yetishtirilib, bundan ayni yoz fasli pishiqchilik mavsumida 4 ming tonnaga yetkazib sabzavot mahsuloti olinayotgani yuqoridagi fikrimiz dalili.
Yoki tuman markazidan 25 kilometr uzoqliqdagi “Jarqoq” mahalla fuqarolar yig‘inida “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida 40 taga yaqin dehqon xo‘jaligi tomonidan har yili erta bahordan plyonka ostida qovun va tarvuz ko‘chatlari o‘tqazilib, parvarishga kirishiladi. Shu kunlarda tuman miqyosida 300 gektardan oshiq yerda qovun-tarvuzning serhosil navlaridan yetishtirilib, allaqachon poliz mahsulotlari aholi dasturxoniga yetkazib berilmoqda. Negaki, cho‘lquvarlar zaminida qovun-tarvuz o‘zining tezpisharligi, ta’mi-mazasi, hosildorligi bilan ajralib turadi.
Xulosa qilib aytganda, qorovulbozorliklar ekin yerida har bir tomchi suv ortida katta mehnat va mas’uliyat mujassam. Bu bebaho ne’matning qadriga yetish, undan oqilona va tejamkor foydalanish fermer, dehqon xo‘jaliklari bilan birga tomorqa yer egalari, barchaning umumiy burchidir. Zero, qadrlangan ne’mat bugungi farovonlik va ertangi barakaning mustahkam poydevoridir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








