Vobkent: Xo‘jarabotdagi umumta’lim maktabi 580 o‘rinli zamonaviy maskanga aylanmoqda
2026-07-14 19:55:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-sentabrdagi PQ–"Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 5246-sonli qarori ijrosi doirasida Vobkent tumani Xo‘jarabot mahallasidagi 7-sonli umumta’lim maktabida ham ko‘pdan kutilgan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida maktabning mavjud o‘quv binolari mukammal rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ravishda 240 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi hamda faollar zali bunyod etilmoqda. Ochig‘i keyingi yillarda o‘quvchi soni oshganiga qaramasdan, saboqlar ikki smenada tashkillashtirilgani, moslashtirilgan sharoitda faoliyat yuritib kelingani ana shunday qayta ta’mirlashga zarurat tug‘dirgandi.
Aytish joizki, ta’lim dargohining birinchi o‘quv binosi o‘tgan asr yetmishinchi yillarida, ikkinchi o‘quv binosi esa 1986-yilda qurilgan bo‘lib, uzoq yillar davomida ta’lim jarayoniga xizmat qilgan. Vaqt o‘tishi bilan binolar jismonan va ma’nan eskirib, zamonaviy ta’lim talablariga to‘liq javob bermay qolgandi. Ayniqsa, qish mavsumida isitish tizimida ham nuqson va yetishmovchiliklar kuzatilgan, sinf xonalarida zarur haroratni saqlash qiyin bo‘lib, bu ahvol o‘quv jarayoniga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan. Maktabda faollar zali mavjud bo‘lmagani sababli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, musiqiy chiqishlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari sinf xonalarida o‘tkazib kelingani ham ortiqcha izohga hojat qoldirmaydi.
Xo‘jarabotdagi umumta’lim maktabidagi mukammal ta’mirlash ishlarini mahalliy pudratchilardan "Fast quality building" MChJ ishchi-mutaxassislari o‘z zimmalariga olishdi. Bugunga qadar inshootda belgilangan asosiy ishlarning katta qismi yakunlandi.
Amalga oshirilayotgan mukammal ta’mirlash va ayni kundagi qurilish ishlari natijasida shu kunga qadar foydalanib kelingan 340 o‘rinli ta’lim dargohi zamonaviy infratuzilmaga ega 580 o‘rinli umumta’lim maskaniga aylantirilmoqda. Yangi o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar keng va yorug‘ sinf xonalari, zamonaviy sport zali, faollar zali hamda barcha qulayliklarga ega ta’lim muhitida bilim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Qayta qurish va mukammal ta’mirlash ishlari Xo‘jarabot mahallasi aholisi uchun ham katta mamnuniyat bag‘ishlamoqda. Eng muhimi, uzoq hududlarda ham ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoit tufayli mahalladoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








