Buxoro tumani: Novmetan qishlog‘ida zamonaviy davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochildi
2026-07-13 15:55:00 / Yangiliklar
Viloyatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, ertamiz egalari—bolalarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish, ular uchun zamonaviy va xavfsiz ta’lim muhitini yaratish borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur sa’y-harakat samarasida hududda zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalari bunyod etilib, yosh avlodning barkamol voyaga yetishi uchun munosib shart-sharoit yaratilmoqda.

Kuni kecha “Novmetan” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Novmetan qishlog‘ida “Islom taraqqiyot banki” moliyaviy qo‘llab-quvvatlovida, yangidan bunyod etilgan 120 o‘rinli, 40-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy andozadagi inshoot ochilish marosimida tuman hokimligi, nuroniylar, mahalla faollari, jamoatchilik vakillari ishtirok etib, so‘nggi paytda hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, mahalliy aholining ko‘p yillik ushalgan orzu-havasi, maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishdagi taklif va tavsiyalari eshitildi.
Muassasa 120 nafar tarbiyalanuvchi bolajonga mo‘ljallangan bo‘lib, unda 4 ta guruh faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan. Binoda bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, ularning intellektual, jismoniy va ma’naviy kamoloti uchun zarur shart-sharoitni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti "Fast quality building" MChJ ishchi-mutaxassislari tomonidan zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 4,2 milliard so‘mni tashkil etadi.
Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotida mashg‘ulot va o‘yin maydonchalari, shinam oshxona va yotoqxona, sanitariya va isitish tarmog‘i shay qilingan. Birgina bolalar bog‘chasi tufayli endilikda o‘ndan ortiq tarbiyachi bu yerda bolajonlar ta’lim-tarbiyasiga jalb qilinmoqda. Aholi nisbatan gavjum bo‘lgan Novmetan qishlog‘ida maktabgacha ta’lim qamrovini yanada kengaytirish, bolajonlarni talab darajasidagi ta’lim muhiti bilan ta’minlash, ota-onalar uchun qulay imkoniyat yaratishda yuqoridagi kabi tashabbuslar muhim o‘rin egallaydi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







