Kogon tumani: “Taraqqiyot” mahallasidagi Abdullaevlar xonadoni mehnatkashlari ham yerdan mo‘l hosil olmoqdalar
2026-07-11 14:40:00 / Yangiliklar
Tomorqa yerlaridan oqilona, samarali foydalanish, aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish, qishloq xo‘jaligi sabzavot-poliz mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish borasida Kogon tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotda qo‘llab, tomorqasidan unumli foydalanib, mo‘l hosil yetishtirayotgan tashabbuskor xonadonlar safi kengaymoqda.

Shunday ilg‘or tomorqa egalaridan biri “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘ini, Breshim qishlog‘ida istiqomat qiluvchi G‘afur Abdullaevdir. U o‘z xonadoni etagidagi 9 sotixli yer maydonida issiqxona tashkil etib, oila a’zolari bilan birgalikda yil bo‘yi peshma-pesh hosil yetishtirish harakatida bo‘ladi. Joriy dehqonchilik mavsumida 3 sotix yerda bodring, qolgan 6 sotix yerda esa pomidorning serhosil navlarini parvarish qilib, barakali hosil yetishtirmoqda.
Ayni kunlarda issiqxonada pishib yetilgan hosilni yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Tomorqa egasining ta’kidlashicha, ko‘chatdan o‘tqazib parvarishlanayotgan pomidor va bodring navlari mahalliy iqlimga mosligi, kuchli ildiz tizimi va baquvvat poyalari, haroratning keskin o‘zgarishlariga nisbatan yuqori chidamliligi, serhosilligi bilan ajralib turadi. Agrotexnik tadbirlar vaqtida va sifatli amalga oshirilgani samarasida Abdullaevlar ekin yerida ham mo‘l hosil yetishtirildi.
Hozirga qadar issiqxonadan 4 tonna pomidor olingan bo‘lsa, yana qariyb 7 tonna atrofidagi bodring hosili saranjomlanmoqda. Bu ikki hosildan qariyb 50 million so‘m daromad degani, bunda pomidor hosildorligidan kelayotgan foyda 25 million so‘mdan kam emas. Xonadon sohibining aytishicha, sidqidil mehnat tufayli ekin yeridan erishilayotgan daromad oila kundalik ehtiyojlari, farzandlar orzu-havasi yo‘lida sarflanmoqda.
Bugunga kelib kogonliklar tumanida qariyb 21 ming nafar tomorqa yer egasi mavjud bo‘lib, dehqon xo‘jaliklari bilan qo‘shganda, ular tasarrufidagi tomorqa ekin yeri maydoni 2 ming 128 gektarni tashkil etadi. Ekin yer maydonlaridan oqilona foydalanish hisobiga aholi tomonidan yil davomida peshma-pesh qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, ichki bozordagi sabzavot-poliz, dukkakli mahsulotlar, oziq-ovqat ta’minotiga munosib hissa qo‘shilmoqda.
Hududda tomorqachilik bilan shug‘ullanayotgan xonadonlar asosan pomidor, bodring, kartoshka, piyoz, karam, bulg‘or qalampiri, sabzi, loviya kabi sabzavot yetishtirish bilan bir qatorda limon, apelsin singari sitrus mevalar, yana qulupnay yetishtirib, aholi dasturxoni to‘kinligiga hissa qo‘shmoqdalar. Natijada yilning to‘rt faslida aholini sarxil va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash imkoniyati yaratilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







