Vobkent: Olloyorni sinmas irodasi, matonati va mehnati muvaffaqiyatga yetaklamoqda
2026-07-11 14:30:00 / Yangiliklar
"Xo‘jarabot” mahalla fuqarolar yig‘ini Boboshex qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Shaxnoza Otaevaning oilasi bugun mehnatsevarlik, qat’iy iroda, qolaversa, yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishning yorqin namunasiga aylangan desak, mubolag‘a emas.

"Kambag‘allik dasturi" hamda "Ayollar daftari"ga kiritilgan oila bekasining murojaati ijobiy hal etilib, unga 9 million 800 ming so‘m miqdorida ssuda mablag‘i ajratildi. Bu sarmoya evaziga naslli sigir-buzoq xarid qilinib, xonadonda qoramol parvarishi boshlandi.
Shuningdek, hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyasi asosida Otaeva xonadoni a’zolari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, bugunga kelib uy xo‘jaligida parhezbop go‘sht yo‘nalishida parvarishlanayotgan parranda soni 1 ming boshga yetkazilgan.
Shuningdek, hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyasi asosida Otaeva xonadoni a’zolari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, bugunga kelib uy xo‘jaligida parhezbop go‘sht yo‘nalishida parvarishlanayotgan parranda soni 1 ming boshga yetkazilgan.
Xonadonning tomorqadan unumli foydalanilayotgani alohida e’tiborga loyiq. Ayni paytda 7 sotixdan iborat ekin yerida kartoshka, pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon, loviya kabilar yetishtirilib, ro‘zg‘or ehtiyoji qondirilmoqda. Masalan, shu mavsumda yarim tonnaga yaqin kartoshka, yana shuncha pomidor yetishtirilgani oilaga moddiy manfaat keltirmoqda, albatta.
Hovli-joyda 20 tupga yaqin mevali daraxt parvarishlanmoqda, demak, o‘rik, gilos, shaftoli, anjirdan bahramand bo‘lishmoqda. Mo‘jaz tokzor-uzumzor yoz jaziramasida shiraga to‘lmoqda, bu ham dasturxon to‘kinligi uchun, hademay, qora kishmishi, husayni, behishti uzumlari pishib yetiladi. Darvoqe, tomorqaning bir chetida yetilib pishgan xandalak o‘tkir hidi dimoqqa uriladi. Bular barchasi astoydil mehnat, halol peshona teri mahsuli.
Otaevlar oilasining farzandi, faxri Olloyor Shuhratullaev. Jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramay, uning hayotga bo‘lgan intilishi va g‘ayrati barchaga ibrat. Mahalla ma’muriyati ijtimoiy xizmatlar xodimi Bashorat Husenova hamda yoshlar yetakchisi Alpomish Eshpo‘latovning tashabbusi bilan Olloyor nogironlik aravachasi bilan ta’minlangan, faol hayotga jalb etilgan.
Olloyorning sportga bo‘lgan qiziqishi inobatga olinib, tuman sport maktabidan murabbiy unga biriktirilgan. Qisqa muddatda olib borilgan mashg‘ulotlar o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilning 3–5 iyun kunlari Toshkent viloyati Angren shahridagi "Yangiobod" respublika sport bazasida o‘tkazilgan 14 yosh toifasida bo‘lib o‘tgan mamlakat chempionatida Olloyor yadro uloqtirish, nayza uloqtirish va disk uloqtirish yo‘nalishlarida barcha raqiblarini ortda qoldirib, O‘zbekiston chempioni degan sharafli unvonga sazovor bo‘ldi.
Mazkur oila misolida mamlakatimizda aholini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalda o‘z samarasini bermoqda. Sinmas iroda, halol mehnat va yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish har qanday muvaffaqiyatning mustahkam asosidir. Bu borada Shaxnoza Otaeva oilasining hayot yo‘li ana shunday fidoyilik va matonatning barchaga ibrat bo‘ladigan yorqin namunasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









