G‘ijduvon: Havzak mahallasida 70-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi
2026-07-10 17:15:00 / Yangiliklar

Ana shunday xayrli harakatlarning amaliy ifodasi sifatida kuni kecha tumanning “Havzak” mahalla fuqarolar yig‘inida aholining ko‘pdan orziqib kutgan yangiligi ro‘y berdi. Havzakliklar uchun 70-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Endilikda bolalar bog‘chasi 120 nafar jajji o‘g‘il-qizni o‘z bag‘riga olmoqda.
So‘lim tabiat qo‘ynida barpo qilingan bolalar bog‘chasi loyihasi "Qishloq qurilish loyiha" tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilish ishlari mahalliy pudratchi "Fast quality building" MChJ ishchi-mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Zamonaviy me’moriy yechimlar asosida bunyod etilgan shinam inshootda jajji bolajonlarning talab darajasida ta’lim-tarbiya olishlari, intellektual va jismoniy rivojlanishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Tadbirda tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari, jamoatchilik vakillari, ota-onalar hozir bo‘ldilar. Inshoot ramziy lentasi qirqilgach, tadbirda yig‘ilganlar muassasada bolajonlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar. Bolalar o‘yin va mashg‘ulot xonalari, sport maydonchalari, yotoqxona va oshxona, sanitariya va isitish tarmoqlari talab darajasida jihozlangani barchani mamnun qildi.
Tadbirda so‘z olgan mutasaddi va mehnat faxriylari yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, xalq farovonligini yuksaltirish, yosh avlod kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu islohotlar uchun o‘z samimiy minnatdorliklarini izhor etdilar. Ushbu maskan bunyodkorlik ishiga munosib hissa qo‘shgan quruvchilar e’tirof qilinib, ularga to‘n kiydirildi. Zero, bugun ertamiz egalari ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan har bir bunyodkorlik loyihasi — Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagiga qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
Ma’lumot uchun, ayni kunda tumanda maktabgacha yoshdagi, ya’ni 3-7 yoshli bolalar soni 25,5 ming nafardan oshgan bo‘lsa, ularning maktabgacha ta’lim tizimiga qamrov darajasi 96 foizga yetkazilgan. Hozirda tuman miqyosida 48 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 4 ta davlat xususiy sherikchiligidagi hamda 329 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









