Buxoroga yana 76 ta zamonaviy avtobus olib kelindi
2026-07-09 13:15:00 / Yangiliklar

Joriy yilda Buxoro shahrida jamoat transportini rivojlantirish va tirbandliklarni qisqartirish maqsadida shaharning “Transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish” Bosh rejasi ishlab chiqilgan.
Unga muvofiq, Buxoro shahrida 21 ta yangi avtobus yoʻnalishi joriy etilib, aholi gavjum boʻlgan hududlarda transport oʻtish bogʻlamalari qurilmoqda. Shuningdek, 113 ta chorrahada “Aqlli svetofor” tizimi joriy etilib, avtobuslar harakatiga ustuvorlik berish maqsadida Buxoro shahrining 7 ta markaziy, yaʼni Muhammad Iqbol, Ibn Sino, Islom Karimov, Mirdoʻstim, Gʻijduvon, Bahouddin Naqshband va Mustaqillik koʻchalarida alohida avtobus yoʻlaklari tashkil etilmoqda.
Viloyatimiz aholisi uchun sifatli jamoat transporti xizmatini koʻrsatish, shahar aholisi va mehmonlariga yanada qulay jamoat transporti xizmatini tashkil etish maqsadida mahalliy tadbirkorlar tomonidan Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan yana 76 ta zamonaviy rusumdagi avtobus olib kelindi.
Transport vositalarini foydalanishga topshirish tadbirida viloyat hokimi Botir Zaripov soʻzga chiqib, jamoatchilik vakillari, buxoroliklarni bu yangilik bilan samimiy tabrikladi.
Viloyat rahbari taʼkidlaganidek, 2026-yilning oʻzida viloyatimizga 101 ta yangi zamonaviy rusumli avtobus olib kelingan. Bu avtobuslarning dastlabki 25 tasi, yaʼni “Bux Pit-Stop NGP” MCHJ tomonidan “Yutong” rusumli avtobuslari shu yil fevral oyida 13-sonli, “Madaniyat” bosh bekati—“Toʻqimachi” bosh bekati” va 15-sonli “Markaziy bozor-Gʻurbincha aholi punkti” brutto yoʻnalishlariga joylashtirilgan. Bugungi taqdim etilayotgan yangi avtobuslar ham brutto shartnomasi asosida Buxoro shahar avtobus yoʻnalishlariga joylashtiriladi.
Mazkur transport vositalari “Progress Mega Trans”, “Miramax Turist Trans”, “Buxaraneveshservis”, “Miramax Travel” kabi masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi mahalliy tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib kelindi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida, yaʼni joriy yil yakuniga qadar yana 86 ta zamonaviy rusumli avtobus viloyatga olib kelinib, brutto yoʻnalishlariga joylashtirilishi koʻzda tutilmoqda.
Qayd qilinganidek, ilgari koʻp hollarda kechki vaqtda yoʻlovchilar siyraklashganidan soʻng, yoʻnalishlarda avtobuslarni topish amri mahol boʻlib qolar edi. Aholiga sifatli jamoat transporti xizmatini koʻrsatish maqsadida jamoat transporti faoliyatida “Brutto-shartnoma” tizimi joriy qilingani qoʻl kelmoqda. Bu tizimda haydovchilar oldingi kunlik belgilangan pul tushumi uchun javobgar boʻlmaydi. Aksincha, tashuvchi korxonalar tomonidan belgilangan grafik va masofa uchun qatnovlarning amalga oshirilganligi, yaʼni avtobuslar bosib oʻtgan yoʻli va koʻrsatgan xizmatlari sifati uchun haq toʻlash mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Xulosa shuki, kelgusida viloyat markazida jamoat transporti tarmogʻini toʻliq reformatsiya qilgan holda tarmoqni yangi avtobuslar bilan boyitib, yoʻlovchi soni uchun emas, avvalo, shahar aholisi va mehmonlarga, barcha toifadagi yoʻlovchilarga talab darajasida, “soat mexanizmi” tartibida transport xizmati koʻrsatilishi maqsad qilingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









