Olot: cho‘l bag‘ridagi tabiiy shifo maskani sayyohlarni chorlamoqda
2026-07-07 15:40:00 / Yangiliklar

Maskanda qum vannalari, tuz kristallari va loy–qora balchiq bilan davolash kabi xalq tabobatiga asoslangan muolajalar malakali mutaxassislar nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tabiiy qum va tuz muolajalari bo‘g‘im, asab, teri va tayanch-harakat tizimi bilan bog‘liq ayrim xastaliklardan forig‘ bo‘lishni istovchilar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Bu o‘rinda gap Olot tumanidagi "Arabxona" mahallasi kimsasiz cho‘l massivida joylashgan "Qum va tuz bilan davolash maskani" xususida bormoqda. Mavsum ayni yozgi jazirama kunlarida yana minglab mehmonlar uchun ochiq. Tabiiy shifo manbai sifatida tanilgan ushbu maskan bugun nafaqat salomatlikni tiklash, balki, ichki turizmni rivojlantirishning muhim manzillaridan biriga aylanib bormoqda.
Ayni kunda maskanda 40 dan ortiq o‘tov barpo etilib, mehmonlarning dam olishi uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Mehmonlar bu yerda shifo olish bilan birga, cho‘lning musaffo havosidan bahramand bo‘lib, ekologik toza muhitda maroqli hordiq chiqarish, tinch-osoyishta muhitda “qaynoq” qumda toblanish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Maskanga tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish maqsadida infratuzilma izchil rivojlantirilmoqda. Xususan, maskanga olib boruvchi 2 kilometr avtomobil yo‘li 1 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga to‘liq ta’mirlanib, asfalt qoplamasi yotqizildi. Shuningdek, hududda 66 dona zamonaviy tungi yoritish chirog‘i o‘rnatilib, elektr ta’minoti yaxshilanmoqda, shu bilan birga, ichimlik suvi tarmog‘i tortilmoqda.
Kelgusida mazkur maskanda davolash shaxobchalarini tashkil etish, zamonaviy yuvinish xonalari, tibbiyot punkti, salqin dam olish maskanlari, avtoturargoh va boshqa xizmat ko‘rsatish infratuzilmalarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu esa dam olish maskani imkoniyatlarini yanada kengaytirib, sayyohlar va shifo izlab keluvchilar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratiladi. Bu kabi qulayliklar cho‘l bag‘ridagi tabiiy shifo maskani nufuzi va jozibadorligini yanada oshirib, tumanning turizm salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








