Qorako‘l: “Sog‘lom turmush tarzi” targ‘ibot tadbirida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
2026-06-29 19:40:00 / Yangiliklar
Qorako‘l tumani markazidagi “Sohil bo‘yi dam olish maskani”da tashkil etilgan tibbiy ko‘rik doirasida salomatligiga befarq bo‘lmagan aholi vakillariga yuqori malakali, tor doiradagi mutaxassislar tomonidan keng qamrovli ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi.

Jumladan, fuqarolarning salomatligi tekshirilib, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, profilaktik tavsiyalar berish hamda zarur holatlarda mutaxassis shifokorlar maslahatidan foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Shuningdek, tibbiy ko‘riklar jarayonida respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining 50 dan ortiq vrach mutaxassislari ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman aholisiga terapevt, kardiolog, nevrolog, travmatolog, pediatr, urolog, ginekolog ko‘rigi, endokrinolog xizmati, LOR va ko‘z shifokori ko‘rigi, UZI hamda laboratoriya tekshiruvlari va boshqa turdagi yo‘nalishlarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi. Mazkur tadbirda jami 321 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shulardan 114 nafarida turli kasalliklar aniqlanib, ularga zaruriy davolash choralarini ko‘rish belgilandi hamda bemorlar mutaxassislar nazoratiga olindi. Tadbirda qatnashganlarga sog‘lom turmush tarzi, bemorlikka tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish haqida ham ma’lumot berildi.
Shuningdek, aholiga infarkt yoki yurak xuruji, insult qanday kasallik, uni kelib chiqish sabablari, tomirlaridagi xavfli o‘zgarishlarni erta bosqichda aniqlash, eng muhimi, bemorlarga xizmat ko‘rsatishda xastalik boshlangan ilk soatlarda to‘g‘ri va tezkor yordam ko‘rsatish inson hayotini saqlab qolish imkoniyati keskin oshishiga olib kelishi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan shifoxonada yaratilgan shart-sharoit, shifokorlar bemorlar holatini tez va aniq baholash imkoniga ega bo‘layotganligi aniq daliliy misollar orqali tushuntirib berildi.
Tadbirda aholiga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi videorolik ham namoyish qilindi. Ko‘rik jarayonida aholining umumiy sog‘ligi baholanib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









