Romitan: GIZ xalqaro vakillari tumanda strategik o‘rganishlar olib bormoqda
2026-06-27 17:15:00 / Yangiliklar
Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamkorligida Romitan tumanida amalga oshirilayotgan “yashil rivojlanish” yo‘nalishidagi ishlar yanada faol bosqichga kirmoqda.

Shu munosabat bilan kuni kecha Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) mas’ullaridan bir guruhi Romitanda bo‘lishib, tuman mutasaddilari va mahalliy hamkor tashkilotlar vakillari bilan muloqotda bo‘ldilar. Suhbatda hududdagi mavjud iqtisodiy salohiyat, infratuzilma imkoniyatlari va investitsiya kiritish uchun ustuvor yo‘nalishlar chuqur tahlil qilindi.
Muzokarada asosiy e’tibor tumanni “yashil tamoyillar” asosida rivojlantirishga qaratildi. Bu yondashuv tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologiyani asrash, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashni o‘z ichiga oladi.
Germaniyalik vakillar mahalliy mutasaddilar bilan istiqbolli loyialar yuzasidan konstruktiv tarzda muloqot qilishib, ishlab chiqilgan master-rejalarni amaliyotga samarali tatbiq etishga doir o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ahamiyatlisi, mazkur rejalar tumanni kelgusida turizm, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida zamonaviy markazlardan biriga aylantirishni ko‘zda tutadi. Aniqroq aytganda, bu borada pilot loyihalar doirasida quyidagi yo‘nalishlar ustuvor etib belgilangan. Ya’ni, ekologik toza turizm infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish va yangi biznes muhitini yaratish, energiya tejamkor va innovatsion texnologiyalarni joriy etish.
O‘rganishlar natijasida aniqlangan investitsion loyihalar yaqin oylarda amalga oshirilsa, tumanda yangi ish o‘rinlari yaratilishi, aholi bandligi oshishi hamda kambag‘allik darajasini keskin qisqartirish imkoni paydo bo‘ladi, albatta. Shuningdek, mahalliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish orqali tumanda tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish, yoshlar va ayollar bandligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tomonlar ushbu loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, moliyaviy va texnik hamkorlikni kuchaytirish hamda natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha yakdil kelishuvga erishdilar.
Mazkur tashabbuslar nafaqat iqtisodiyotni rivojlantirish, balki, Romitan tumanini mintaqada barqaror rivojlangan hududlardan biriga aylantirishga xizmat qiladi.
Muloqotlar so‘ngida xorijiy mehmonlar, GIZ vakillari yaqinda turizm klasteri degan maqomga ega bo‘lgan "Bukhara Desert Oasis & Spa" turizm inshootida bo‘lishib, u yerda chet ellik sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









