Peshku: Mudofaa ishlari bo‘limining yangi ma’muriy binosi ochildi
2026-06-27 12:10:00 / Yangiliklar
Peshku tumanida ham mudofaa ishlari bo‘limining yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil qilingan tantanali tadbir davlatimiz madhiyasi bilan boshlandi.

Tadbirda viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari hozir bo‘ldilar.
Joriy yil tumandan muddatli harbiy xizmatga jo‘natilgan va bu sharafli vazifani ado etib qaytgan 1 300 dan ortiq yigitning bandligini ta’minlash yuzasidan tizimli va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada viloyat hokimligining joriy yil 13 apreldagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmatni o‘tab qaytgan yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Yoshlar bandlik dasturi” tasdiqlangan va ijroga yo‘naltirilgan. Ayni kunda hududdagi 424 nafar professional ta’lim bitiruvchisi, 262 nafar oliy ta’lim bitiruvchisi bilan harbiy xizmatga doir tegishli tartibda ish olib borilmoqda.
Tadbirga kelsak, unda viloyat hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov, shuningdek, Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik Qodirjon Tursunov, jamoatchilik a’zolari, nuroniylar, harbiy xizmatchilar ishtirokida yangi binoni foydalanishga topshirilgani ramzi sifatida alvon lenta qirqildi.
Marosim qatnashchilari yangi binoda yaratilgan shart-sharoit, xizmat xonalari, ishchi kabinetlar va mavjud infratuzilma bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tadbir mamlakatimiz mudofaa tizimini yanada rivojlantirish, soha xodimlari uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish hamda harbiy-ma’muriy tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar amaliy ifodasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









