“Panji Fayzobod” fermer xo‘jaligida kartoshka ekishga doir viloyat ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi
2026-06-26 22:10:00 / Yangiliklar

Endigi vazifa aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlash maqsadida g‘alladan bo‘shagan maydonda takroriy ekinlar, ayniqsa, kartoshka ekish ishlariga e’tibor qaratilmoqda. Buxoro tumani “Shergiron” hududidagi “Panji Fayzobod” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan viloyat ko‘rgazmali o‘quv amaliy seminari shu xususda bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligiga tegishli tashkilot va idoralar mas’ul mutasaddilari, agroklasterlar vakillari, fermer hamda dehqon xo‘jaliklari rahbarlari qatnashgan seminarni viloyat hokimining o‘rinbosari Amrillo Nazarov olib bordi.
Ta’kidlanganidek, ayni kunda viloyat tumanlarida 2026 yilda 3 mingta fermer xo‘jaligining 62 ming gektar, jumladan, 10,7 ming gektar ertaki ekinlardan va 51,3 ming gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydonlariga takroriy ekinlar ekish harakati boshlangan.
Jumladan, sabzavot 6,5 ming gektarda, poliz 1,5 ming gektarda, kartoshka 5 ming gektarda, loviya, mosh kabi dukkakli o‘simliklar 2 ming gektarda, chorva uchun ozuqabop ekinlar 32 ming gektar yerda yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Takroriy ekinlar ekiladigan maydonning 30 ming 722 gektari fermer xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun, 21 ming 278 gektari 42,5 ming nafar fermer xo‘jaligi a’zolariga va 10 ming gektari 28,2 ming nafar ishsiz fuqarolar (“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlar)ga ajratilishi belgilab olingan.
Takroriy ekinlar ekiladigan maydon uchun jami 1 ming 845 tonna urug‘lik, 7 ming 390 tonna yoqilg‘i moylash materiallari, 15 ming 872 tonna mineral o‘g‘it va boshqa moddiy resurslar talab etilishi hisob-kitob qilingan.
Viloyat tumanlarida 26 iyun holatida jami 34 ming 617 gektar maydonda takroriy ekinlar ekildi va ekish ishlari jadal sur’atda olib borilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatda takroriy ekinlar ekiladigan maydonda jami 1 million 176 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.
Ko‘rgazmali seminarda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari A. Javodov, “O‘zagroinspeksiya” ning viloyat boshqarmasi boshlig‘i V. Narziev, viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i O. Muxtorov, viloyat Agroxizmatlar markazi direktori Turg‘un Usmonovlar mahalliy sharoitga mos, serhosil navlarga mansub kartoshka ekish agrotexnologiyasi, yerga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish va ekin parvarishiga oid fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









